Sog‘lom hayot | 10:45
651
2 daqiqa o‘qiladi

Noinfeksion kasalliklarga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekistonda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi huzurida Noinfeksion kasalliklarga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etiladi. Shuningdek, 2027 yildan boshlab saraton kasalliklariga chalingan bemorlarga ko‘rsatiladigan qator tibbiy xizmatlar xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.

Tegishli hukumat qaroriga muvofiq, 2027 yil 1 yanvardan davlat budjetidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari doirasida onkologik bemorlarga ko‘rsatiladigan bir qator xizmatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Jumladan, quyidagi tibbiy xizmatlar xarajatlari qoplab beriladi:

  • saraton kasalliklarini erta aniqlash va oldini olish maqsadida o‘tkaziladigan laborator hamda instrumental tekshiruvlar;

  • kasallikka tashxis qo‘yish va uning bosqichini aniqlash;

  • jarrohlik amaliyotlari;

  • bazaviy o‘smaga qarshi dori vositalari, gormonal va qo‘llab-quvvatlovchi terapiya, shuningdek nur terapiyasi;

  • palliativ tibbiy yordam;

  • reabilitatsiya va dispanser kuzatuvi xizmatlari.

Qaror bilan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi huzurida Noinfeksion kasalliklarga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilishi ham belgilangan.

Mazkur choralar aholiga onkologik kasalliklarni erta aniqlash, o‘z vaqtida va sifatli davolash imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, bemorlar uchun moliyaviy yukni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid