Sport | 09:45
2439
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish

Yaponiyaning 85 yoshli fuqarosi 1998 yilgi Jahon chempionatida milliy jamoa barcha uchrashuvda mag‘lub bo‘lganini eslar ekan, aynan o‘sha mag‘lubiyat mamlakat futbolining yuksalishiga asos bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikricha, eng katta yutqazish maydonda emas, balki mag‘lubiyatdan saboq chiqarmaslikdir.

Foto: Videodan kadr

Yaponiyalik otaxonning o‘zbekistonlik Bahodir Iskandarovga aytishicha, 1998 yilda milliy terma jamoa ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etgan va guruh bosqichidagi barcha uchrashuvlarda mag‘lubiyatga uchragan. Ammo futbol rahbarlari bu natijani fojia sifatida emas, balki o‘zgarishlar uchun muhim saboq sifatida qabul qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin Yaponiyada futbolni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilgan. Bolalar futboliga alohida e’tibor qaratilgan, murabbiylar tayyorlash tizimi kuchaytirilgan, maktab futboli va professional liga rivojlantirilgan.

«Yaponiyada bir maqol bor: “Yetti marta yiqilsang ham, sakkizinchi marta tur”. Ular ham shunday qildi. Eng muhimi, shoshilmadi. Daraxt bugun ekilib, ertaga meva bermasligini yaxshi bilardi», — deydi u.

Otaxonning ta’kidlashicha, Jahon chempionatidagi eng katta mag‘lubiyat 0:5 yoki 0:7 hisobida yutqazish emas, balki mag‘lubiyatdan keyin o‘rganishni to‘xtatishdir.

«Yutganingda kamtar bo‘l, yutqazganingda esa sabrli bo‘l», — deya xulosa qiladi u.

Ma’lumot uchun, Yaponiya milliy jamoasi 1998 yildan keyin ketma-ket yetti marta Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ularning beshtasida guruh bosqichidan chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Joriy mundialda Yaponiya Niderlandiya bilan 2:2, Shvetsiya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi, Tunisni esa 4:0 hisobida mag‘lub etdi. Terma jamoa guruhda ikkinchi o‘rinni egallab, pley-offga yo‘l oldi va endi Braziliyaga qarshi bahs olib boradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid