Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI Rossiya harbiylari uchun kirishni taqiqlamoqchi
Italiya va Fransiya Yevropa Ittifoqining Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etgan shaxslarga nisbatan kiritishni rejalashtirayotgan sayohat taqiqiga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur taqiq Rossiyaga qarshi tayyorlangan Yevropa Ittifoqining 21-sanksiyalar paketi tarkibiga kiritilgan bo‘lib, uni a’zo davlatlar 26 iyun kuni muhokama qiladi.
Manbalarning aytishicha, Parij va Rim Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi jang qilgan shaxslarga cheklov qo‘yilishiga qarshi emas. Biroq ular taklifning hozirgi tahriri amaliyotda barcha rossiyaliklarga nisbatan qo‘llanishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Ularning fikricha, taqiq kuchga kirsa, qaysi shaxs haqiqatda Ukrainadagi janglarda ishtirok etganini aniqlash vazifasi YeIga a’zo davlatlar zimmasiga yuklanadi. Bu esa amalda juda murakkab jarayon bo‘lib, turli huquqiy va ma’muriy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi mazkur chora orqali Moskvaga bosimni kuchaytirish va uni Ukraina bo‘yicha muzokaralarga undashni maqsad qilgan. Bloomberg qayd etishicha, bu tashabbus Ukraina frontdagi vaziyati yaxshilanayotgan bir paytda ilgari surilmoqda.
Shu bilan birga, muhokama qilinayotgan yangi sanksiyalar paketida faqat sayohat taqiqigina emas, balki Rossiya neftiga nisbatan amal qilayotgan narx chegarasi (price cap) mexanizmini yuqori jahon neft narxlari sharoitida qanday nazorat qilish masalasi ham bahsli mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.
21-sanksiyalar paketi nimani o‘z ichiga oladi?
Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen 9 iyun kuni Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini taqdim etgan edi. Unga ko‘ra, 2022 yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon Rossiya Qurolli kuchlari safida xizmat qilgan shaxslarga Yevropa Ittifoqiga kirishni taqiqlash taklif qilingan.
Fon der Lyayyenning ta’kidlashicha: «Ukrainaga bosqinda ishtirok etganlar uchun Yevropa eshiklari yopiq bo‘lib qoladi».
Bundan tashqari, yangi sanksiyalar energetika, moliya, savdo sohalariga hamda ilk bor Rossiyaning baliqchilik sanoatiga nisbatan ham cheklovlarni nazarda tutadi.
Endi mazkur sanksiyalar paketi kuchga kirishi uchun Yevropa Ittifoqining barcha a’zo davlatlari uni bir ovozdan ma’qullashi talab etiladi. Yevropa komissiyasi vakillari esa har bir yangi sanksiyalar paketi orqali avvalgi cheklovlardagi bo‘shliqlarni bartaraf etish va Rossiyaga iqtisodiy bosimni yanada kuchaytirish maqsad qilinganini ta’kidlab kelmoqda.
Mavzuga oid
11:00
AQSh Ukraina bo‘yicha Alyaskada kelishuv bo‘lganini rad etdi
10:30
Kiyev Rossiyaga qarshi dron hujumlarini kuchaytirishini ma’lum qildi
10:00
«Askarlar qiynoqqa solinmoqda, isyon bo‘lishi mumkin» - sobiq harbiy Putinga murojaat qildi
09:15