Jamiyat | 10:10
1009
2 daqiqa o‘qiladi

34 yilda 9 yoshga o‘sish: o‘zbekistonliklar uzoqroq umr ko‘rmoqda

O‘zbekistonda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi izchil o‘sib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda ushbu ko‘rsatkich 75,4 yoshga yetgan bo‘lib, bu 1991 yilga nisbatan 9 yoshga ko‘pdir.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshni tashkil etgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mustaqillikning dastlabki yillarida bu ko‘rsatkich ancha past bo‘lgan. Xususan, 1991 yilda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 66,4 yoshni tashkil etgan. Shu tariqa, so‘nggi 34 yil ichida mazkur ko‘rsatkich 9 yoshga oshgan.

Yillar kesimidagi dinamikaga nazar tashlansa, 1995 yilda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 69,1 yosh, 2000 yilda 70,8 yosh, 2005 yilda 71,8 yosh, 2010 yilda 73 yosh, 2015 yilda 73,6 yoshni tashkil etgan.

2020 yilda bu ko‘rsatkich 73,4 yoshgacha biroz pasaygan bo‘lsa-da, keyingi yillarda yana o‘sish kuzatildi. Jumladan, 2024 yilda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,1 yoshga, 2025 yilda esa 75,4 yoshga yetgan.

Mutaxassislar bunday o‘sishga sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar, tibbiy xizmatlar qamrovining kengayishi, profilaktika choralarining kuchaytirilishi hamda aholining turmush sifati yaxshilanib borayotgani kabi omillar ta’sir ko‘rsatganini qayd etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid