Jahon | 20:23 / 27.06.2026
4974
12 daqiqa o‘qiladi

“Amerikaliklar tuzoqqa tushdi” - Eron elchisi

AQSh–Eron urushi to‘xtagan bo‘lsa-da, uning eng muhim siyosiy savollari hanuz ochiqligicha qolmoqda. Tehron nega uranni 60 foizgacha boyitgan? Isroil Livanga bombalashni to‘xtatmasa, nima bo‘ladi? Amerikaliklar haqiqatdan ham uchuvchini qutqarish bahonasida boyitilgan uranni o‘g‘irlash operatsiyasini o‘tkazganmi?

Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida bergan intervyusida shu kabi savollarga javob berdi.

— AQSh bilan imzolangan memorandumning qaysi bandini Eron hukumati eng muhim yutuq deb hisoblaydi?

Suhbatimiz boshida shuni aytishim kerakki, Amerika urushga Eronni taslim qilish rejasi bilan kirishgan edi. Bu reja – Netanyahu tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida Trampga taqdim qilingan taklif edi. Biroq urush boshlanganidan to‘rt kun o‘tib, bu qaror noto‘g‘ri ekanini o‘zlari ham anglab yetishdi. Shundan so‘ng vaziyat o‘zgardi va taxminan 80 kun davomida jarayon shunday kechdiki, natijada Eron o‘z shartlarini ilgari surib, ularni qabul qildira oldi.

Ya’ni jarayon shunday tus oldiki, dastlab Amerika Eronning so‘zsiz taslim bo‘lishini kutgan bo‘lsa, oxir-oqibat vaziyat teskari tomonga burildi – Eron o‘z pozitsiyasini mustahkamlab, dushman tomonni murosaga majbur qila oldi. Agar memorandumdagi bandlarga diqqat bilan qaralsa, bu holat yanada aniqroq tushuniladi.

Lekin eng asosiy yutuq – barcha frontlarda harbiy harakatlarni to‘xtatish kelishuvi bo‘ldi. Shuningdek, Eronning muzlatilgan aktivlari qaytariladi, Eronga qarshi qo‘llangan sanksiyalar bekor qilinadi, yetkazilgan zarar tiklash loyihalari orqali kompensatsiya qilinadi. Albatta, bular – muhim yutuqlar. Ammo asl natija bundan ham chuqurroq:

Birinchidan, bu jarayon shuni ko‘rsatdiki, Eronni harbiy yo‘l bilan taslim qilish mumkin emas. Mamlakatda kuchli tiyib turuvchi salohiyat mavjud bo‘lib, u ichki birlik, jipslik va mustahkam siyosiy institutlarga tayanadi.

Ikkinchidan, tashqi kuchlar yolg‘on narrativlar orqali o‘z pozitsiyasini majburan qabul qildira olmasligi ayon bo‘ldi. Kuch bilan bosim o‘tkazish har doim ham natija bermaydi.

Uchinchidan, bu jarayon shuni isbotladiki, xavfsizlik va tinchlik bir tomonlama bo‘lishi mumkin emas. Agar mintaqada beqarorlik yuzaga keltirilsa, u yerda barqaror tinchlikni ta’minlab bo‘lmaydi.

Shuningdek, ushbu voqealar natijasida Eron oldingidan ham kuchliroq pozitsiyaga chiqdi. Ma’lum ma’noda, Trampning qarorlari Eronning geosiyosiy jihatdan yanada mustahkamlanishiga olib keldi. Avval Eron uzoq vaqt davomida o‘zini tiyib, mintaqa davlatlari bilan muvozanatni saqlashga harakat qilgan edi. Biroq AQShning noto‘g‘ri hisob-kitoblari va siyosiy qarorlari natijasida bu pozitsiya o‘zgardi va Eron faol harakat bosqichiga o‘tdi.

— Agar Isroil Livanga zarbalarni davom ettirsa, Eron buni memorandum buzilishi sifatida qabul qiladimi?

Masala faqatgina Livan bilan cheklanib qolmaydi. Gap umuman mintaqadagi, xususan, sionistik rejim tomonidan bosib olinayotgan va tajovuzga uchrayotgan barcha davlatlar haqida bormoqda. Ma’lumki, Isroil o‘zining Nil daryosidan Frotgacha egallash g‘oyasini ilgari surib keladi. Ushbu g‘oyani amalga oshirish yo‘lida u mintaqadagi ko‘plab davlatlarga nisbatan harbiy harakatlar olib borgan.

Masalan, so‘nggi 3 yilda falastinlik bo‘lgan 70 mingdan ortiq begunoh inson halok bo‘ldi. Bundan oldingi davrlarda esa Livanda o‘n minglab insonlar qurbon bo‘lgan. Shuningdek, Isroil muntazam ravishda Suriya hududiga zarbalar bergan, Yamanga ham hujumlar amalga oshirgan. Umuman olganda, mintaqada Isroil harbiy harakatlaridan xoli bo‘lgan hudud deyarli qolmagan.

Eron Islom Respublikasi bu borada shuni ta’kidlaydiki, ushbu zulm to‘xtatilishi kerak. Chunki bunday sharoitda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash imkonsiz. Isroilning AQSh va ayrim G‘arb davlatlari qo‘llab-quvvatlovi ostida istalgan hududga zarba berishi – xalqaro tizim uchun ham, mintaqa barqarorligi uchun ham jiddiy tahdiddir. Aynan shu sababli mintaqadagi tinchlik va osoyishtalik Isroilning harakatlari tufayli izdan chiqmoqda.

Hozirgi vaqtda boshqa yo‘nalishlarda harbiy harakatlar vaqtincha to‘xtatilgani sababli Livan masalasi alohida muhokama qilinmoqda. Biroq AQSh va Isroil Livanga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha majburiyat olganiga qaramay, bu hujumlar davom ettirilmoqda. Pokiston vositachiligida olib borilgan muzokaralar chog‘ida AQSh tomoni Livanga qarshi tajovuzlar to‘xtatilishini va’da qilgan edi. Shunday ekan, Livanga nisbatan amalga oshirilayotgan har qanday hujum uchun mas’uliyat bevosita AQSh zimmasiga tushadi.

Shu bilan birga, Livandagi vaziyatni nazorat qilish maqsadida maxsus nazorat qo‘mitasi tashkil etildi. Bu tuzilma mojaroni boshqarish va kelishuvlarga rioya etilishini ta’minlash uchun xizmat qiladi. Mazkur jarayonda AQSh va Eron o‘z zimmasiga muayyan majburiyatlarni oldi. Jumladan, AQSh butun mintaqada o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya etilishini ta’minlash majburiyatini zimmasiga olgan. Agar AQSh ushbu majburiyatlariga amal qilmasa, Eron ham o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga rioya qilishni to‘xtatishi mumkin.

— Urush davomida Eron AQShning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilariga zarbalar berdi. Bu qaror qanday harbiy va huquqiy asosga tayangan edi?

Biz urush davomida faqat qonunga asoslangan holda, xalqaro huquq doirasida harakat qildik. Shuni ham ta’kidlash kerakki, ko‘pincha xalqaro huquq tushunchasi aynan bizga qarshi qo‘llanadi. Bu tartibotning ijobiy tomonlari esa bizga kamdan kam hollarda tegadi. Shunga qaramay, biz baribir xalqaro huquq me’yorlariga qat’iy amal qildik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 30314-rezolyutsiyasi, xususan, uning 3-bandida, davlat hududidan boshqa bir davlatga qarshi agressiya uchun foydalanish mumkin emasligi aniq belgilab qo‘yilgan.

Agar biror mamlakat hududi uchinchi davlatga hujum qilish uchun ishlatilsa, u holda bunday davlat betaraf hisoblanmaydi. Shu nuqtayi nazardan, agar boshqa davlat hududidan foydalanilgan holda bizga qarshi hujum amalga oshirilgan bo‘lsa, bu xalqaro huquq nuqtayi nazaridan noqonuniy agressiya hisoblanadi. BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq, har qanday davlat o‘zini qonuniy mudofaa qilish huquqiga ega. Bugungi vaziyatda ayrim davlatlar hududida AQSh harbiy bazalari joylashgan va aynan shu hududlardan Eronga qarshi harbiy harakatlar amalga oshirilgan. Bu faqatgina zarba berish emas, balki harbiy samolyotlarning uchishi, raketa hujumlari, yonilg‘i bilan ta’minlash, operatsiyalarni rejalashtirish va boshqarish kabi jarayonlarni ham o‘z ichiga oladi.

Bunday vaziyatda Fors ko‘rfazidagi davlatlar ikki xil holatdan birida bo‘lishi mumkin: ular yo bunday harakatlarning oldini olishga qodir emas (bu ularning zaifligini ko‘rsatadi), yoki bunga ongli ravishda yo‘l qo‘yib berishgan. Har ikkala holatda ham ular betaraf maqomini yo‘qotadi va agressiyaga bilvosita sherik hisoblanadi.

Shunga qaramay, biz qo‘shni davlatlarimiz bilan dushman emasmiz. Ular bizning musulmon birodarlarimiz va yaqin qo‘shnilarimizdir. Biz ularga nisbatan har qanday harakatni majburiy choralar sifatida, ya’ni o‘zimizga nisbatan amalga oshirilgan agressiyaga javob sifatida ko‘rdik. Bizning harakatlarimizda asosiy tamoyil – mutanosiblik bo‘ldi. Qaysi davlat agressiyada qay darajada ishtirok etgan bo‘lsa, javob chorasi ham aynan shunga mos ravishda bo‘ldi.

Bundan tashqari, biz eskalatsiyani qat’iy nazorat ostida ushlab turdik va vaziyatning nazoratdan chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymadik. Zarbalar faqat AQSh harbiy bazalari va harbiy manfaatlariga qaratildi.

Agar mintaqada Eron nomidan boshqa obektlarga zarbalar berilgan bo‘lsa, bu “soxta bayroq” ostidagi harakatlar bo‘lib, boshqa kuchlar tomonidan amalga oshirilganini ta’kidlash mumkin. Biz urush qonunlariga amal qildik, faqat harbiy obektlarga zarba berdik va tinch aholi hamda fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazmadik. Bu urush bizga majburan yuklatildi. Biz ming yillar davomida qo‘shni davlatlar bilan tinch yashab kelganmiz va ularga hech qachon hujum qilmaganmiz. Doimo o‘zaro hurmatni saqlaganmiz.

Ammo agar ularning hududidan bizga qarshi hujumlar amalga oshirilsa, biz bunga befarq qarab turolmaymiz. Shu bilan birga, bu davlatlar – bizning do‘stlarimiz, hattoki hozirgi muzokara jarayonlarida ham ularning roli bor. Ularning o‘zlari ham Isroilning uzoqni o‘ylamay qilayotgan ishlaridan zarar ko‘rishyapti. Sionizmning xavf-xatari hammamiz uchun bir xil.

Albatta, ularning o‘z siyosati bor, biz buni tushunamiz va hurmat qilamiz. Shunga qaramay, biz ular bilan yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik aloqalarini saqlab qolamiz. Hozir ham ular bizning asosiy savdo hamkorlarimiz hisoblanadi va og‘ir davrlarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab kelganmiz. Kelgusida ham bu hamkorlik davom etadi.

Biz boshidanoq barcha qo‘shni davlatlarimizni ochiq ogohlantirgan edik: agar biror davlat hududidan Eronga qarshi agressiya amalga oshirish uchun foydalanilsa, u holda ushbu obektlar qonuniy javob nishoniga aylanishi mumkin. Shu bilan birga ta’kidlash joizki, Turkiya va Ozarboyjon bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymadi. Ular o‘z hududlaridan Eronga qarshi hujumlar uyushtirilishiga ruxsat bermaganini aniq bayon qildi. Aynan shu sababli biz ham ushbu voqealardan so‘ng rasman ma’lum qildikki, Turkiya va Ozarboyjon hududlariga nisbatan hech qanday harbiy harakat amalga oshirilmagan. Ayrim hujumlar “soxta bayroq” ostida amalga oshirilgan bo‘lib, ularning maqsadi mintaqadagi keskinlikni sun’iy ravishda kuchaytirishdan iborat edi. Bu kabi urinishlar Turkiya va Ozarboyjonni ham mojaroga tortishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Biroq ushbu ikki davlat vaziyatni yaxshi anglaydi va hozirda ular Eron tomonidan ularga nisbatan hech qanday hujum bo‘lmaganini aniq biladi. O‘sha paytda ham Eron Islom Respublikasi Qurolli kuchlari zudlik bilan rasmiy bayonot berib, mazkur hodisalarning Eron bilan bog‘liq emasligini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, biz Turkiya va Ozarboyjon tomoniga har qanday voqeani birgalikda o‘rganish, tekshirish va zarur bo‘lsa, qo‘shma mexanizmlar orqali hamkorlik qilishga tayyor ekanimizni bildirdik. Eronning ushbu davlatlar bilan aloqalari doimo yaxshi bo‘lib kelgan. O‘zaro ishonch va hamkorlik mavjud.

Shu bilan birga, ayrim manbalarda Isroil rasmiylari Eron bilan bog‘liq rejalar kontekstida keyingi nishon sifatida Turkiyani tilga olgani ham qayd etilgan. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, Isroil siyosati nafaqat Eron, balki butun mintaqa uchun xavf tug‘diradi. Shu bois Eron qo‘shni davlatlar uchun tahdid manbai emas, aksincha, ularning xavfsizligi va barqarorligiga hurmat bilan qaraydi. Biz har doim qo‘shni davlatlarimizning hududiy yaxlitligini hurmat qilamiz va og‘ir damlarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab kelganmiz. Kelgusida ham bu yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari davom etishiga ishonamiz.

Suhbatni “Geosiyosat | Kun.uz” YouTube-kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid