Jamiyat | 09:55
758
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqda kanalga tushib ketgan fuqaro qutqarib qolindi

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Bo‘zsuv kanaliga tushib ketgan fuqaro Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari tomonidan tezkorlik bilan qutqarildi. Jabrlanuvchiga voqea joyida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifokorlarga topshirildi.

26 iyun kuni soat 09:50 atrofida Chirchiq shahrining Do‘stlik mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanalida suv oqimida oqib ketayotgan fuqaro aniqlandi.

Dastlab uni Kamolot GES xodimlari payqab qolgan. Ular zudlik bilan holat haqida Chirchiq shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan.

Xabardan so‘ng qutqaruvchilar qisqa vaqt ichida voqea joyiga yetib kelib, suvga sho‘ng‘igan holda fuqaroni qirg‘oqqa olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Jabrlanuvchiga voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va u keyinchalik shifokorlar nazoratiga topshirilgan. Ma’lum qilinishicha, hozirda uning ahvoli yaxshi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro ehtiyotsizligi sababli kanalga tushib ketgan. U suzishni bilmagani uchun kuchli suv oqimida oqib ketgan.

Favqulodda vaziyatlar xizmati fuqarolarni suv havzalari yaqinida ehtiyotkor bo‘lishga, xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid