Jahon | 08:59
1067
3 daqiqa o‘qiladi

Venesueladagi zilzila: qurbonlar soni 920 nafardan oshdi

Venesuelada sodir bo‘lgan ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 920 nafarga yetdi. Yana 3 300 nafardan ortiq kishi turli darajada jarohat olgan. Mamlakatning eng ko‘p zarar ko‘rgan La-Guayra shtatida qutqaruv ishlarini samarali tashkil etish va jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida armiya nazorat o‘rnatdi.

Foto: REUTERS

Bu haqda 26 iyun kuni mamlakat Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodriges ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilarning uzluksiz ishlashi uchun xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Shu bilan birga, ichki ishlar vaziri Diosdado Kabelo La-Guayraga olib boruvchi barcha avtomobil yo‘llari vaqtincha yopilganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu chora hududga zaruratsiz odamlarning kirib kelishini cheklash, epidemiologik xavflarni kamaytirish hamda qutqaruv operatsiyalarini tezlashtirishga qaratilgan.

125 yil ichidagi eng kuchli zilzila

24 iyun kuni Venesuelaning shimolida orasi atigi 39 soniya bo‘lgan ikki kuchli zilzila kuzatildi. Ularning magnitudasi mos ravishda 7,2 va 7,5 ni tashkil etdi. Mutaxassislar ikkinchi zilzilani mamlakatda so‘nggi 125 yil ichida qayd etilgan eng kuchli yer silkinishlaridan biri sifatida baholamoqda.

Eng katta vayrongarchilik Karakas poytaxtidan shimolda joylashgan La-Guayra shtatida qayd etildi. Bu hudud mamlakatning asosiy xalqaro aeroporti va eng yirik dengiz porti joylashgan strategik ahamiyatga ega mintaqa hisoblanadi.

Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges tabiiy ofat munosabati bilan mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi.

Minglab odamlar vayronalar ostida bo‘lishi mumkin

Ichki ishlar vaziri ma’lum qilishicha, La-Guayrada 70 mingdan ortiq oila tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan. Hukumat qidiruv-qutqaruv ishlarini kengaytirib, aholiga ichimlik suvi, oziq-ovqat va boshqa humanitar yordam yetkazishni boshlagan.

Biroq ko‘plab hududlarda texnika va mutaxassislar yetishmasligi sababli qutqaruv ishlari sekin kechmoqda. Mahalliy ommaviy axborot vositalari elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani, ayrim joylarda esa talon-toroj holatlari qayd etilganini xabar qilmoqda. Dastlabki baholarga ko‘ra, vayronalar ostida hali ham minglab odamlar qolgan bo‘lishi mumkin.

Xalqaro hamjamiyat yordami

Venesuelaga bir qator davlatlar tomonidan gumanitar va texnik yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, AQSh qutqaruv va humanitar operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ikki harbiy kema hamda transport samolyotlarini yubordi.

Shuningdek, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius mamlakatga qutqaruv bo‘yicha mutaxassislar yuborilishini hamda zarurat tug‘ilsa, Bundesverning oltita A400M harbiy-transport samolyotini jalb etishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Bu xalqaro yordam qutqaruv ishlarini tezlashtirish va jabrlangan aholiga zarur ko‘mak ko‘rsatishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid