24 iyun kuni kechqurun Venesuela poytaxti Karakasdan taxminan 160 km g‘arbda 7,2 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. Oradan bir daqiqa ham o‘tmay 7,5 magnitudali ikkinchi silkinish sodir bo‘ldi. AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bu ofat – ushbu davlatda 1900 yildan buyon sodir bo‘lgan eng kuchli zilziladir.

2026-06-26 08.58.30

Ushbu ofat yillar davomida iqtisodiy inqirozlar tufayli allaqachon zaiflashgan Venesuelaga qimmatga tushdi. Bu inqirozlar infratuzilmaning katta qismini mo‘rt holatga keltirib qo‘ydi. Poytaxt va uning atrofidagi qirg‘oqbo‘yi hududlarini silkitgan aftershoklar esa qutqaruv ishlarini yanada qiyinlashtirdi, deb yozmoqda Reuters.

Qurbonlar va zarar miqdori

Sog‘liqni saqlash vaziri Karlos Alvarado payshanba kuni kechqurun tibbiyot markazlariga 235 ga yaqin halok bo‘lganlarning jasadlari olib kelinganini ma’lum qildi. U talafot ko‘rganlarning umumiy sonini ochiqlamadi.

2026-06-26 08.55.00

Venesuela Milliy Assambleyasi rahbari Xorxe Rodriges kunning birinchi yarmida 200 kishi vayronlar ostida qolib ketgani, 250 ta bino shikastlangani yoki butunlay vayron bo‘lganini aytgandi. Kamida 1500 kishi jarohatlangan.

Jiddiy zarar ko‘rgan binolar orasida kamida sakkizta shifoxona, Venesuela Qizil Xoch jamiyati shtab-kvartirasi va Fransiya elchixonasi borligi xabar qilingan.

Karakasga tutashgan va poytaxtning bosh aeroporti joylashgan qirg‘oqbo‘yi shtati – La-Guaira eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri bo‘ldi. Ichki ishlar vazirining ma’lum qilishicha, ushbu shtatda 70 000 ga yaqin oila jabr ko‘rgan.

2026-06-26 08.53.51

«Bu yer ofat hududiga aylandi», dedi muvaqqat prezident Rodriges. Uning aytishicha, hukumat qutqaruv ishlarini tezlashtirish hamda og‘ir texnikalarni jalb qilish uchun xususiy kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Shtatning ba’zi qismlarida elektr energiyasi tanqisligi saqlanib qolmoqda, Karakas aeroporti esa shikastlangani sababli yopilgan. Terminaldan olingan videolarida shift panellari qulab tushayotgan paytdagi vahimali manzaralar aks etgan.