Jahon | 13:06
5362
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Eron o‘rtasida yana zarbalar almashinuvi bo‘lib o‘tdi

Tramp «Eron bo‘lgan ishlardan saboq chiqarmayotgani»ni aytib, yana bir bor «ushbu davlatni yo‘q qilib yuborish» bilan tahdid qildi.

Foto: Reuters

Amerika armiyasi «Eroning davom etayotgan tajovuzi»ga javoban Eron hududidagi bir qancha nishonlarga zarbalar yo‘lladi, deb xabar qildi AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM).

Harbiy kuzatuv inshootlari, aloqa tizimlari, havo hujumidan mudofaa kuchlari pozitsiyalari, dronlar saqlanadigan omborlar hamda dengizni minalashda foydalaniladigan qurilmalar zarbalar uchun nishon bo‘lgan. Markaziy qo‘mondonlik oldingi zarbalar almashinuvidan keyin Eronga «o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga rioya qilish imkoniyati berilgani»ni ma’lum qildi. Ammo Eron kuchlari zarbdor dron qo‘llagan holda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinidan o‘tayotgan va Panama bayrog‘i ostida harakatlangan tankerga zarba bergan.

Donald Tramp Eron navbatdagi marta o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni buzganini ta’kidladi. «Ular hech qachon saboq chiqarmaydiganga o‘xshaydi! Shunday payt kelishi mumkinki, biz endi oqilona bo‘lib qola olmaymiz va muvaffaqiyatli boshlangan ishni harbiy yo‘l bilan oxiriga yetkazib qo‘yishga majbur bo‘lamiz. Bu holda Eron islom respublikasi o‘z mavjudligini yo‘qotadi», – deya yozgan Tramp.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi esa eronlik harbiylar «Amerika tajovuziga javoban» AQSh armiyasining sakkizta obektiga – Kuvaytdagi Ali as-Salom aviabazasi hamda Bahrayndagi Salmon portida joylashgan AQSh harbiy-dengiz kuchlari Beshinchi floti bazasiga ballistik raketalar va dronlar bilan zarba yo‘llaganini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, AQSh korpus kuchlarining qoidabuzar kemaga nisbatan qo‘llagan chorasini bahona qilib, Eronning sohildagi beshta postiga hujum uyushtirgan.

Ho‘rmuz orqali o‘tishni Eron nazorat qilmoqda va bundan keyin qoidabuzar kemalarga nisbatan «yanada qat’iyroq choralar» qo‘llanadi, deya qo‘shimcha qilingan korpus bayonotida.

18 iyun kuni AQSh va Eron o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangandi. Bu hujjat 60 kun davomida butun front bo‘ylab harbiy harakatlarni to‘xtatish va urushni butunlay to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni, shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilishini nazarda tutadi. O‘tgan vaqt mobaynida bo‘g‘oz hududidagi kemalar hujumga uchrashi bilan bog‘liq bir necha holatlar kuzatildi, bunday holatlarda Amerika kuchlari Erondagi nishonlarga hujum qilib kelmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid