Jahon | 14:59
3993
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozi. Voqealar rivoji

Bir oy oldin Peskov Ukraina zarbalari yoqilg‘i taqchilligiga sabab bo‘lmasligini aytgandi. Ammo o‘sha vaqtdayoq Qrimda benzin sotuviga cheklovlar joriy etilishi boshlangandi. Endi esa Baykalortida yoqilg‘i yo‘qligi tufayli chiqindi tashish mashinalari ishga chiqmayapti.

Maksim Shipenkov / EPA / Scanpix / LETA

Rossiyada bir oydan buyon yoqilg‘i taqchilligi kuzatilmoqda. Ukraina armiyasining neftni qayta ishlash zavodlari bo‘ylab to‘xtovsiz zarbalari neftni qayta ishlash hajmini keskin darajada qisqartirib yubordi. Ko‘plab yoqilg‘i quyish shoxobchalariga benzin yetkazilishi to‘xtab qoldi, hududlardagi rasmiylar esa uni sotishga cheklovlar o‘rnatdi, shu bilan bir vaqtda, iste’molchilarni talabni haddan tashqari oshirib yuborishda ayblamoqda. Inqirozning real ko‘lamini baholash qiyin, chunki Rossiya hukumati ko‘plab ma’lumotlarni ochiqlamayapti. «Meduza» nashri esa ochiq manbalar asosida yoqilg‘i taqchilligi qanday qilib deyarli butun mamlakatni qamrab olgani aks etgan xronikani tuzib chiqdi.

2026 yil 21 may

Kreml spikeri Dmitriy Peskov jurnalistlarga ukrain dronlarining neft-gaz sanoati obektlariga hujumlari tufayli yoqilg‘i taqchilligi kutilmayotganini aytdi. Bu vaqtda esa ulgurji bozorda benzin taqchilligi yuzaga kela boshlagandi: mustaqil yoqilg‘i quyish shoxobchalari menejerlari zaxiralarni to‘ldira olishmayotganidan shikoyat qilishayotgandi. Ukraina qurolli kuchlari mahalliy neftni qayta ishlash zavodiga zarba bergan Ryazan oblastida chakana bozorda ham taqchillik kuzatilayotgandi.

2026 yil 31 may

Anneksiya qilingan Qrimda benzinni talon asosida sotish joriy etildi. Bir kun o‘tib hududdagi yirik zapravkalarda benzin tugab qoldi. Mahalliy aholi vakillari «Avito»da benzinning bir litrini 200-350 rubl narxda sotuvga qo‘ydi, bu rasmiy bahodan ikki baravar qimmat edi.

2026 yil 1 iyun

Rossiya ilk bor aviatsiya kerosini eksportini taqiqladi. Ko‘rinishidan, bu chora yordam bermagan: iyun oyi oxirlariga kelib «Azimut» aviakompaniyasi aviayoqilg‘i bilan bog‘liq og‘ir vaziyatdan shikoyat qildi, bunday sharoitda parvozlarni amalga oshirishda davom ettirishdan «ma’no yo‘qligi» ma’lum qilindi.

2026 yil 3 iyun

Moskva shahri va Moskva oblastida ham benzin sotuviga cheklovlar qo‘yilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu vaqtga kelib Sankt-Peterburgda, chegaradagi Belgorod va Kursk oblastlarida, shuningdek, Ukrainaning anneksiya qilingan barcha hududlarida ham yoqilg‘i taqchilligi turli darajada sezila boshlagandi.

2026 yil 6-10 iyun

Qrimning Sevastopol shahrida benzin taloni uchun QR-kodlar olish joriy etildi. Ularni faqat «Maks» messenjeri orqali olish mumkin edi. 10 iyun kuni ma’muriyat yoqilg‘i sotib olish uchun QR-kodlarning yangi partiyasini chiqara olmadi, chunki shaharga benzovozlar kelishi to‘xtagandi.

2026 yil 15 iyun

«Kommersant» xabariga ko‘ra, neftni qayta ishlash zavodlarining bir qismiga ichki bozor uchun «Yevro-5» standartidagi benzin va dizel ishlab chiqarishga ruxsat berilgan. Aniqrog‘i, hukumat bunday ruxsatnomani 2025 yilning kuzida bergandi, keyinchalik yoqilg‘i taqchilligining oldini olish uchun uning amal qilish muddati uzaytirilgan.

2026 yil 16 iyun

«Tatneft» va «Rosneft» (shu jumladan, unga aloqador «Bashneft» va TNK kompaniyalari ham) butun Rossiya bo‘ylab zapravkalarida benzin sotishni chekladi. The Bell hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatning 53 ta regionida yoqilg‘i bilan bog‘liq u yoki bu muammolar mavjudligi aniqlangan.

2026 yil 16 va 18 iyun

Ukraina qurolli bu ikki kun ichida Moskva shahri Kapotnya rayonidagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi – bu Rossiyadagi eng yirik neftni qaty ishlash zavodlaridan biri bo‘lib, Moskva shahri va Moskva oblastining asosiy yoqilg‘i ta’minotchisi hisoblangan. Hujumlar natijasida neftni birlamchi qayta ishlash qurilmalari ishdan chiqqan. Reuters manbalariga ko‘ra, zavod faoliyati kamida 2026 yil oxiriga qadar to‘xtatilgan.

2026 yil 21 iyun

Qrimdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin sotilishi butkul to‘xtatildi. Faqat davlat xizmatidagi avtomobillarga yoqilg‘i quyib beriladigan bo‘ldi.

2026 yil 22 iyun

«Avito», Ozon va Wildberries yoqilg‘i sotish bo‘yicha e’lonlarni taqiqladi. «Verstka» nashri e’tibor qaratishicha, so‘nggi uch oyda rossiyaliklar internetdan avtomobillardagi benzinni qanday chiqarib olish bo‘yicha ma’lumot qidirishi 10 baravarga oshgan.

2026 yil 23 iyun

Sibir hududlarida, jumladan, Rossiyada neft qazib olish hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadigan Xanti-Mansiysk avtonom okrugida ham benzin savdosiga cheklovlar joriy etildi (bu borada ikkinchi o‘rinda turadigan Tatariston yoqilg‘i sotuviga limitlarni avvalroq joriy etgandi). Reuters manbalari ma’lum qilishicha, 15-21 iyun kunlari Rossiyada benzin ishlab chiqarish iyun oyining o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan 25 foizga kamaygan.

Xuddi shu kuni

Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak Vladimir Putinga yoqilg‘i bilan bog‘liq vaziyat haqida hisobot bergan. Novak «vaziyat murakkabligi, ammo nazorat ostida ekani»ni bildirgan. Putin esa Kiyevning yoqilg‘i taqchilligiga olib kelayotgan «terrorchilik xurujlari» frontdagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatmaganini aytdi.

2026 yil 24 iyun

Reuters manbalari xabar berishicha, Rossiya Qozog‘istondan 50 ming tonna benzin sotishni so‘ragan. Komik Semyon Slepakov instagramda urushga qarshi satirik qo‘shiqni shunday satrlar bilan joylashtirdi: «Benzin narxi oshmoqda, lekin asosiysi mamlakat emas, balki uning orqasini ishonchli himoya qilishdir».

2026 yil 25 iyun

The Insider hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaning 40 dan ortiq regionlari rasmiy ravishda yoqilg‘i savdosiga cheklovlar e’lon qilgan, norasmiy taqiqlar va mahalliy choralar (benzin limitlari yoki ayrim zapravkalarni yopish) hisobga olinsa, yoqilg‘i inqirozi 80 dan ortiq regionga, ya’ni deyarli butun mamlakatga ta’sir qilgan.

Xuddi shu kuni

Ma’lum bo‘lishicha, Kreml nazorat ostidagi ommaviy axborot vositalariga navbatlar kuzatilmayotgan yoqilg‘i quyish shoxobchalarida olingan kadrlarni ko‘proq e’lon qilishni topshirgan, «Maks» messenjeri esa odamlar qayerda yoqilg‘i quyish mumkinligi bo‘yicha ma’lumot qidiradigan hududiy chatlarni bloklay boshlagan.

2026 yil 26 iyun

Rossiyaning kamida sakkizta regionida yoqilg‘i inqirozi jamoat transporti faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi, deb hisoblaydi «7×7» nashri. Irkutsk, Kurgan, Vladimir, Ivanovo va Kaluga oblastlarida – yo‘lkira narxlari oshishi ko‘rinishida. Baykalorti o‘lkasi va Rostov oblastida – avtobuslar jadvali qisqarishi shaklida. Bundan tashqari, Baykalortining ba’zi hududlarida chiqindi tashish mashinalari uchun yoqilg‘i yo‘qligi sababli chiqindilarni olib ketish to‘xtatilgan.

Xuddi shu kuni

Bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak Rossiyada yoqilg‘i zaxirasi yetarli miqdorda ekanini aytdi. U yuzaga kelgan taqchillikni talab haddan tashqari oshib ketgani bilan izohlagan, muammo hal qilinishi muddati bo‘yicha aniq fikr bildirmagan: «Bozorni muvozanatga keltirish ma’lum vaqt talab qiladi».

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid