Jamiyat | 16:44
3243
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda Malibu piyodalar yo‘lidan o‘tayotgan uch kishini urib ketdi

Andijon shahrida Malibu 2 haydovchisi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan uch nafar piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchilardan ikki nafari shifoxonada vafot etgan. Haydovchi qamoqqa olingan.

Foto: Videodan kadr

Andijon viloyati Andijon shahrida piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar qildi.

Hodisa 25 iyun kuni soat 17:55 larda shaharning «Yangi Bo‘ston» MFY, Amir Temur shohko‘chasida yuz bergan.

1997 yilda tug‘ilgan R.Z. o‘ziga tegishli Malibu 2 rusumli avtomobilda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan uch nafar piyodaga yo‘l bermagan va ularni urib yuborgan.

Voqea aks etgan videoda ularning kamida bir nafari bola ekanini ko‘rish mumkin.

YTH oqibatida jabrlanganlar shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan tibbiy muolajalarga qaramay, ulardan ikki nafari vafot etgan.

Hozirda haydovchi protsessual tartibda qamoqqa olinib, holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid