Jamiyat | 20:52
1233
7 daqiqa o‘qiladi

Izohlardagi nafrat. Xeyterlar psixologiyasi haqida

Futbol, siyosat yoki shou-biznes — qaysi mavzu bo‘lmasin, izohlarda haqorat ko‘payadi. Bu shunchaki odobsizlikmi yoki inson psixologiyasi haqida biror narsani ochib beradimi? Kun.uz ushbu mavzuni mutaxassis va ilmiy tadqiqotlar asosida o‘rgandi.

Tanqid emas, shaxsga hujum

18 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokini boshladi. Uchrashuvlar mag‘lubiyat bilan tugagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda futbolchilarga nisbatan haqoratomuz izohlar yog‘ildi.

Qizig‘i, kechagina terma jamoa mundialga chiqa olmayotgani uchun tanqid qilganlar bugun mundialga chiqqan futbolchilarni ham keskin tanqid qilmoqda. Bu esa muammo natijada emas, ayrim insonlarning voqelikni qanday qabul qilishida ekanligini ko‘rsatadi.

Psixologlar buni oddiy tanqid emas, balki onlayn agressiya, nafrat tili va toksik muloqotning bir ko‘rinishi sifatida baholaydi.

Olimlar: xeyterlar dalil emas, insonning o‘ziga hujum qiladi

2018 yilda Kaliforniya universiteti olimlari May Elsherif, Vivek Kulkarni, Dana Nguyen, Uilyam Yang Vang va Elizabet Belding yuz minglab ijtimoiy tarmoq izohlarini tahlil qildi. “Hate Lingo” deb nomlangan tadqiqot xulosasiga ko‘ra, nafratomuz izoh yozuvchilar aksariyat hollarda asosli fikr bilan bahslashmaydi. Ular dalil keltirish o‘rniga insonning tashqi ko‘rinishi, kelib chiqishi yoki shaxsiyatini nishonga oladi. Bu nafrat tili deyiladi. Tadqiqotchilarning fikricha, nafrat tilining asosiy quroli bahs emas, qadrsizlantirishdir.

Psixolog: agressiya ko‘pincha ichki muammolarning aksidir

Psixoterapevt Guli To‘rayevaga ko‘ra, ular o‘z emotsiyalarini nazorat qila olmaydi:

“O‘z fikrini agressiya bilan bildiradiganlar o‘zining emotsiyasini nazorat qila olmayapti degani. Psixoterapevt sifatida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, sog‘lom fikrlaydigan insonda, adekvat fikrlaydigan, shaxsiy yetuk insonda aql o‘sha hissiyotlarni nazorat qila oladi va u sog‘lom fikr bildira oladi. Inson emotsiyasini nazorat qila olmayaptimi, haddan ziyod agressiya qilyaptimi, demak, bu odamda nevroz holatlari bo‘lishi mumkin, yoki u odam juda ham qattiq charchagan, emotsional stress holatida. Hozir mana shu emotsional yonish sindromidagi insonlar juda ham ko‘p, yoki ularda shaxsiyat buzilishlari bo‘lishi mumkin. Deylik, bir insonning hayotda omadi yurishmay turibdi. U o‘zining mana shu muammosini yecha olmayapti. Bitta muvaffaqiyatli inson chiqdi. Uni shunchalik yerga urib haqoratlab tashlaydiki, chunki u o‘ziga muvaffaqiyatli bo‘lishga ruxsat bera olmagan. Ya’ni o‘zini bostirib qo‘ygan, o‘zini chiqara olmagan xususiyatlarini kimdadir ko‘rganda, bunda proyeksiyalar ishlab ketadi. Aynan o‘sha jurnalistga yoki blogerga qaratilgan emas, bu o‘zini aslida o‘zini ichida yotgan bostirilgan hissiyotlariga qaratilgan bo‘ladi. Deylik, bir inson qattiqqo‘l onaning qo‘lida tarbiya topgan, yoki bir ustoz unga o‘ta qattiqqo‘llik qilgan. Endi o‘ziga ishongan ayol chiqib gapirganini ko‘rganda, o‘sha ayolni haqoratlovchi izohlar yozadi. Bu aynan o‘sha ayolning shaxsiga qaratilmagan. O‘sha bolaligidagi qattiqqo‘l ayolga ayta olmagan, o‘sha bostirilgan hissiyotlari bu o‘sha jurnalist yoki blogerga qaratib chiqib ketishi mumkin”.

Izohlarda eng ko‘p uchraydigan toifalar

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatganda bir nechta tipik auditoriyani ajratish mumkin:

Doim norozi insonlar – ular uchun ijobiy yangilikning o‘zi mavjud emas.

Sarlavha bilan cheklanuvchilar – materialni o‘qimasdan izoh qoldiradi va feyk xabarlarning asosiy qurboniga aylanadi.

“Divan ekspertlari” – har bir sohada o‘zini mutaxassis deb hisoblaydi, ammo fikrlari ko‘pincha bilimga emas, shaxsiy ishonchga asoslanadi.

Agressorlar – tadqiqotlarga ko‘ra, ularning haqorati voqeaning o‘ziga emas, balki o‘z hayotidagi stress, charchoq yoki qoniqmaslik holatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Trollar – ularning maqsadi haqiqatni topish emas, balki janjal chiqarish va muhokamani izdan chiqarishdir.

Mutaxassislar esa eng kam uchraydigan, ammo eng qimmat auditoriya hisoblanadi. Ular emotsiya emas, fakt va tahlil bilan bahslashadi.

Internet “xeyterlar armiyasi” haqidagi tasavvur hamisha ham to‘g‘ri emas

2021 yilda o‘tkazilgan yana bir yirik xalqaro tadqiqot millionlab onlayn izohlarni tahlil qildi. Olimlar kutilganidek internet doimiy nafrat bilan yashaydigan ulkan “xeyterlar armiyasi”dan ko‘ra, ma’lum vaziyatlarda toksiklashib qoladigan oddiy insonlar ko‘proq ekanini aniqladi.

Bu esa inson tug‘ma xeyter emasligi, muhit, emotsional holat va muhokama uslubi uni agressiv harakat qilishga undashi mumkinligini ko‘rsatadi.

Nafrat yuqumli bo‘lishi mumkin

Mutaxassislar yana bir muhim jihatga e’tibor qaratadi: agressiya agressiyani chaqirishi mumkin. Bitta haqorat ortidan ikkinchisi, keyin uchinchisi paydo bo‘ladi. Natijada muhokama maydoni faktlarga emas, hissiyotlarga qurila boshlaydi. Bu esa jamiyat uchun xavfli jarayon. Chunki taraqqiyot haqorat orqali emas, madaniyatli bahs va dalil orqali yuzaga keladi.

Izohlar voqeadan ko‘ra insonning o‘zi haqida ko‘proq gapiradi

Psixologlar fikricha, ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar har doim ham voqeaga berilgan xolis baho emas. Ko‘p hollarda ularni yozgan insonning emotsional holati, hayotiy tajribasi va ichki kechinmalari izohlarda aks etadi.

Shuning uchun sog‘lom jamiyat uchun tanqid bilan haqorat o‘rtasidagi farqni anglash muhim. Chunki maydondagi futbolchilar mamlakatni qanday namoyon etsa, ijtimoiy tarmoqlardagi muloqot madaniyati ham jamiyat qiyofasini shunday aks ettiradi.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid