Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qaysi davlatlar eng katta valuta zaxirasiga ega?
Dunyodagi eng yirik valuta zaxiralariga ega davlatlar reytingida Osiyo mamlakatlari mutlaq ustunlik qilmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, eng yirik o‘nta zaxira egasining yettitasi aynan Osiyoda joylashgan bo‘lib, ular jahon valuta zaxiralarining qariyb uchdan ikki qismiga egalik qiladi.
Bugungi kunda eng katta valuta zaxiralariga ega davlatlar ro‘yxatiga nazar tashlansa, uning shakllanishiga qariyb 30 yil avval yuz bergan Osiyo moliyaviy inqirozi katta ta’sir ko‘rsatganini ko‘rish mumkin.
1997 yildagi Osiyo moliyaviy inqirozi xorij kapitaliga haddan tashqari qaramlik bozor beqarorligi davrida qanchalik xavfli ekanini yaqqol namoyon etdi. Shu voqeadan so‘ng ko‘plab davlatlar tashqi iqtisodiy xatarlarga qarshi himoya sifatida xalqaro valuta zaxiralarini faol to‘play boshladi.
Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)ning International Reserves and Foreign Currency Liquidity (IRFCL) bazasiga kiritilgan, 2025 yil o‘rtalaridan 2026 yilning ikkinchi choragigacha bo‘lgan ma’lumotlar davlatlarning oltin hisobga olinmagan valuta zaxiralari bo‘yicha reytingini aks ettiradi.

Tahlillarga ko‘ra, reytingning eng muhim xususiyati — Osiyo mamlakatlarining ustunligidir. Eng yirik o‘nta valuta zaxirasiga ega davlatning yettitasi Osiyo hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu davlatlar jahon valuta zaxiralarining taxminan uchdan ikki qismini nazorat qiladi.
Mutaxassislar bu holatni o‘nlab yillar davomida eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy rivojlanish, tashqi savdodagi barqaror ijobiy saldo hamda davlatlar tomonidan iqtisodiyotni tashqi xatarlardan himoya qilish maqsadida yirik moliyaviy zaxiralarni shakllantirish siyosati bilan izohlaydi.
Valuta zaxiralari nima uchun kerak?
Valuta zaxiralari mamlakat uchun o‘ziga xos «moliyaviy xavfsizlik yostig‘i» vazifasini bajaradi. Zarur holatlarda markaziy banklar ushbu mablag‘lardan milliy valutani keskin qadrsizlanishdan himoya qilish, muhim import mahsulotlari uchun to‘lovlarni amalga oshirish, tashqi davlat qarzlarini qoplash hamda sarmoyadorlar ishonchini saqlab qolish uchun foydalanadi.
Zaxiralar qancha katta bo‘lsa, mamlakat tashqi iqtisodiy inqirozlarga xalqaro moliyaviy yordamsiz mustaqil qarshi tura olish imkoniyati shuncha yuqori bo‘ladi.
Yirik valuta zaxiralari davlatlarga tashqi iqtisodiy zarbalarni yengilroq yengib o‘tish va moliya bozorlaridagi beqarorlik sharoitida investorlar ishonchini saqlab qolish imkonini beradi.
Biroq bunday zaxiralarni saqlashning ham o‘z qiymati bor. Chunki bu mablag‘lar odatda xavfsiz, ammo daromadliligi past bo‘lgan davlat obligatsiyalariga yo‘naltiriladi. Natijada ushbu resurslar milliy iqtisodiyotni rivojlantirishga sarflanmay qolishi mumkin.
Shu bois iqtisodchilarning ta’kidlashicha, hukumatlar moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiy o‘sish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish o‘rtasida muvozanatni saqlashi lozim.
Mavzuga oid
22:07 / 20.08.2019
Import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish davlat valuta zaxirasi chetga chiqishi oldini oladi – Mutaxassis bilan suhbat
13:50 / 26.07.2017
Moliya vazirligi O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxirasi miqdori qanchaligini ma'lum qildi
21:31 / 02.03.2017
Venesuelaning bor-yo‘g‘i 10,5 milliard dollari qoldi
11:39 / 07.01.2017