Jahon | 13:17
2001
5 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaning 40 kunlik ta’sir amaliyoti: urush burilish nuqtasidami?

Volodimir Zelenskiy ilgari surgan “40 kunlik ta’sir amaliyoti” – harbiy zarbalar birga, keng ko‘lamli axborot va psixologik operatsiyalarni ham o‘z ichiga olgan strategiya sifatida baholanmoqda. Siyosiy tahlilchilar Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Ukraina Rossiyaga qarshi “40 kunlik ta’sir amaliyoti” bilan nimaga erishmoqchi?

Abduvali Soyibnazarov: “40 kunlik ta’sir amaliyoti” deganda nafaqat harbiy harakatlar, balki keng ko‘lamli axborot operatsiyalari ham nazarda tutiladi. Ushbu strategiyaning asosiy maqsadi – Rossiyaning ichki siyosiy barqarorligini zaiflashtirish, aholi va harbiylar orasida vahima uyg‘otish hamda muhim hududlarda, xususan Qrimda harbiy-logistik tizimlarga zarba berishdan iborat.

Bunda dron va raketa hujumlari bilan bir qatorda, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari va boshqa media kanallar orqali vahimali xabarlar, videolar va tahlillar tarqatish ham muhim o‘rin tutadi. Bunday axborotlar orqali Rossiya jamoatchiligi orasida norozilik kayfiyatini kuchaytirish, hukumatga nisbatan ishonchsizlikni shakllantirish ko‘zda tutiladi.

Bu axborot oqimida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari zaiflashgani, davlat o‘zining aerodromlari, sanoat korxonalari va energetik obektlarini himoya qila olmayotgani haqidagi xabarlar keng yoyiladi. Ba’zi talqinlarda hatto Rossiyaning yaqin kelajakda parchalanishi, iqtisodiy va oziq-ovqat ta’minotida jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ham da’volar ilgari suriladi.

Demak, ushbu amaliyotning muhim qismi – axborot urushi hisoblanadi. Biroq bu yagona yo‘nalish emas. Bir tomondan, aniq nishonlarga dron va raketa zarbalari berilsa, ikkinchi tomondan, aynan shu zarbalar fonida axborot maydonida kuchli psixologik bosim yaratiladi.

Shu bilan birga, bu “40 kunlik ta’sir”ning asosiy maqsadi – Qrimni harbiy yo‘l bilan egallash emas. Ukraina rahbariyati yaqin kelajakda Qrimni qaytarib olish imkoniyati cheklanganini bir necha bor ta’kidlagan. Buning uchun katta miqdorda harbiy resurslar, jumladan, desant operatsiyalari va keng ko‘lamli quruqlik qo‘shinlari zarur bo‘ladi, hozirgi sharoitda esa bu imkoniyatlar yetarli emas.

Mazkur strategiyaning asosiy maqsadi – Rossiya prezidenti Vladimir Putinni muzokaralar stoliga jalb qilishdir. Biroq Rossiya tomoni muzokaralarga tayyor ekanini bildirgan holda, avvalgi talablarini – xususan Donbass bo‘yicha o‘z shartlarini ilgari surishda davom etmoqda.

So‘nggi tahlillarga ko‘ra, Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlari to‘liq izdan chiqqan, degan fikrlar tasdiqlanmaydi. Baholashlarga ko‘ra, Ukraina dron hujumlarining samaradorligi taxminan 2 foizdan 35 foizgacha bo‘lib, qolgan holatlarda Rossiya ularni urib tushirishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Kamoliddin Rabbimov: Mening nazdimda, so‘nggi oylarda tashabbus tobora Ukraina tomoniga o‘tmoqda. Kiyev Qrimni qaytarib olish, bosib olingan hududlarni ozod etish va Donbassdagi nazorat ostida bo‘lmagan qismlarni bermaslik haqida qat’iy pozitsiya bildirmoqda.

Bu holat urushdagi ruhiy ustunlik, ya’ni jangovar kayfiyat bilan ham bevosita bog‘liq. Ukraina o‘z hududi va uyini himoya qilayotgani sababli bu omil tabiiy ravishda kuchliroq namoyon bo‘lmoqda. Albatta, bunday ruhiy komponent har qanday urushda mavjud bo‘ladi, biroq tashabbus masalasida u muhim rol o‘ynaydi.

Mutaxassislar va kuzatuvchilar fikrini umumlashtirgan holda aytish mumkinki, Ukraina zarbdor 40 kunlik doirasida bir nechta yo‘nalishda bosimni kuchaytirmoqda. Birinchidan, Qrimni izolyatsiya qilishga urinishlar olib borilmoqda. Ikkinchidan, Rossiyaning energetika infratuzilmasiga zarbalar berish orqali iqtisodiy va logistika tizimlariga ta’sir o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Uchinchidan, Rossiyaning harbiy va maxsus kuchlariga nisbatan aniq zarbalar berilmoqda.

So‘nggi 1,5 yil ichida urush harakatlari ma’lum darajada Rossiya hududiga ham ko‘chdi. Bu esa Ukrainaga strategik ustunlik va axborot jihatidan muvaffaqiyat olib kelmoqda. Ayni paytda Rossiya armiyasi frontda yirik va hal qiluvchi natijalarga erisha olmayapti.

Ukrainaga asosan uch davlat – Germaniya, Buyuk Britaniya va AQSh yordam beryapti. Xususan, AQSh prezidenti Donald Tramp garchi siyosiy bayonotlarda Rossiyaga ko‘p yonbosishi kuzatilgan bo‘lsa-da, amalda Amerikaning texnologik va harbiy jihatdan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi davom etyapti.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid