Jahon | 09:35
2171
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Ukraina o‘z qahramonlarini o‘zi tanlaydi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakatda Ukraina Milliy qahramonlar panteonini tashkil etish hamda yangi davlat mukofoti – «Yevropa» ordenini ta’sis etishni taklif qildi. Bu bayonot Polsha bilan tarixiy xotira masalasidagi diplomatik ziddiyat kuchaygan bir paytda yangradi.

Foto: REUTERS

Ukraina Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqida Zelenskiy mamlakat parlamenti – Oliy radaga Ukraina Milliy qahramonlar panteonini tashkil etish to‘g‘risida tashabbus kiritganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turli davrlarda Ukraina uchun kurashgan, mamlakatga ilhom bergan barcha qahramonlarning ismlari ushbu panteonga kiritiladi va davlat tomonidan yuksak ehtirom bilan abadiy tarixga muhrlanadi.

«Bizga qanday yashashni, qaysi tilda gapirishni, kimni sevishni, kimdan minnatdor bo‘lishni va qaysi qahramonlarni e’zozlashni hech kim ko‘rsatmaydi», — dedi Zelenskiy.

Bu bayonot Ukraina va Polsha o‘rtasida yuzaga kelgan diplomatik mojaro fonida aytildi. Mojaroga Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlarining bir bo‘linmasiga «UPA qahramonlari» nomi berilgani haqidagi qarori sabab bo‘lgan.

Varshavada mazkur qaror keskin tanqid qilindi. Polshada Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasi (UPA) birinchi navbatda Ikkinchi jahon urushi yillarida sodir bo‘lgan Volin qirg‘inlari bilan bog‘lanadi. Polsha bu voqealarni rasman polyak xalqiga qarshi genotsid sifatida tan olgan.

Mojaro ortidan Polsha prezidenti Karol Navrotskiy Zelenskiyni mamlakatning oliy davlat mukofoti — Oq Burgut ordenidan mahrum qildi.

Zelenskiy bunga javoban kinoyali munosabat bildirib, ushbu orden Yekaterina II, Benito Mussolini va Germaniyaning sobiq kansleri Gerhard Shryoderdan qaytarib olinmaganini ta’kidladi hamda Ukraina bu masala bo‘yicha bahslashmasligini aytdi.

Polsha tomoni esa mukofotlar vafot etgan shaxslardan qaytarib olinmasligini, shuningdek, Shryoderning Polsha xalqini haqorat qiluvchi harakatlar sodir etmaganini bildirdi.

Mojaro ortidan Zelenskiyning bir qator hamfikrlari ham Polsha davlat mukofotlarini qaytargan. O‘z navbatida, Polshadagi ayrim siyosatchilar ham Ukraina davlat mukofotlarini Kiyevga topshirgan. Ular orasida mamlakatning muxolifatdagi «Huquq va adolat» partiyasi rahbari Yaroslav Kachinskiy ham bor.

Kachinskiy Polsha hukumatini Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarini bloklashga chaqirdi. Financial Times nashrining yozishicha, bu chaqiriq 2027 yil oktyabrida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan elektorat qo‘llab-quvvatlovini kuchaytirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, polyaklarning 58,3 foizi Zelenskiyning polyaklarga munosabatini salbiy baholagan. 30,1 foiz respondent esa bunga qo‘shilmagan. Shu bilan birga, Navrotskiyning Zelenskiyni davlat mukofotidan mahrum qilish qarori Polsha jamoatchiligi tomonidan ijobiy qabul qilingan va prezidentning ishonch reytingi iyun oyi oxirida 54,8 foizga yetgan.

Zelenskiy shuningdek, «Yevropa» ordeni nomli yangi davlat mukofotini ta’sis etishni ham taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina Yevropa xavfsizligi uchun kurashayotgani bois bunday nomdagi ordenga munosib.

Prezidentga ko‘ra, ushbu orden Ukraina xavfsizligi va Yevropa kelajagini himoya qilishga hissa qo‘shgan ukrainaliklar, shuningdek, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga integratsiyasini qo‘llab-quvvatlagan xorijliklarga ham beriladi.

Ayni paytda Yevropa Ittifoqining o‘zida «Yevropa» ordeni mavjud emas. Ittifoq darajasida faqat 2025 yilda ta’sis etilgan Yevropa xizmatlari ordeni topshiriladi. Zelenskiy mazkur mukofotning ilk sohiblaridan biri hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid