Texnologiya | 08:35
1243
5 daqiqa o‘qiladi

Tarixni bog‘lab turgan ko‘priklar: dunyodagi eng qadimiy inshootlar

Dunyo tarixida minglab ko‘priklar urushlar, tabiiy ofatlar va vaqt sinoviga dosh berolmay yo‘q bo‘lib ketgan. Biroq ayrim ko‘priklar ming yillar davomida saqlanib qolib, bugun ham odamlar va transportga xizmat qilishda davom etmoqda.

Foto: Getty Images

2024 yil mart oyida AQShning Baltimor shahrida yuk kemasi boshqaruvni yo‘qotib, Frensis Skott Ki ko‘prigiga urilishi oqibatida 47 yil xizmat qilgan inshoot bir necha soniya ichida qulagan edi. Bu voqea hatto zamonaviy ko‘priklar ham turli xavf-xatarlarga duch kelishini ko‘rsatdi.

Shunga qaramay, insoniyat tarixida shunday ko‘priklar borki, ular minglab yillar davomida saqlanib, hanuzgacha o‘z vazifasini bajarmoqda.

Arkadiko ko‘prigi — Yevropadagi eng qadimiy ko‘prik

Gretsiyada joylashgan Arkadiko ko‘prigi, shuningdek Kazarma ko‘prigi nomi bilan ham mashhur. U miloddan avvalgi taxminan 1300–1190 yillarda mikenlar tomonidan qurilgan bo‘lib, yoshi qariyb 3 ming yilni tashkil etadi.

Uzunligi 22 metr, balandligi 4 metr va kengligi 2,5 metr bo‘lgan ko‘prik ulkan ohaktosh bloklaridan hech qanday qorishmasiz qurilgan. Bu qurilish uslubi «siklopik terma» deb ataladi.

Ko‘prik savdogarlar, jangchilar va aravalarning shaharlar o‘rtasida xavfsiz harakatlanishi uchun barpo etilgan. Arxeologlar unda arava g‘ildiraklari uchun maxsus yo‘naltiruvchi chekkalar va yomg‘ir suvini chiqarish tizimi ham mavjud bo‘lganini aniqlagan.

Miken sivilizatsiyasi allaqachon yo‘qolgan bo‘lsa-da, Arkadiko ko‘prigi hozir ham sayyohlar va piyodalar uchun ochiq.

Karavon ko‘prigi

Turkiyaning Izmir shahrida joylashgan Karavon ko‘prigi miloddan avvalgi taxminan 850 yillarda qurilgan. Bir arkali tosh ko‘prik asrlar davomida uzluksiz foydalanib kelingan.

Rivoyatlarga ko‘ra, «Iliada» va «Odisseya» muallifi Gomer shu atrofda tug‘ilgan va o‘z asarlarida ushbu ko‘prikni tilga olgan. Mashhur ertakchi Hans Kristian Andersen ham Gomer aynan shu yerda dafn etilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

1950-yillarda ko‘prik transport oqimini oshirish uchun kengaytirilgan va bugungi kunda ham undan foydalanilmoqda.

Fabritsiy ko‘prigi

Italiya poytaxti Rimda joylashgan Fabritsiy ko‘prigi miloddan avvalgi 62 yilda qurilgan. U qit’a qism bilan Tiberina orolini bog‘laydi va Rimda o‘zining dastlabki ko‘rinishini saqlab qolgan eng qadimiy rim ko‘prigi hisoblanadi.

Uzunligi 61 metr bo‘lgan ikki arkali ko‘prik ilgari savdo markazi hisoblangan Forum Boarium va orolni o‘zaro bog‘lab turgan.

Asrlar davomida bir necha marta ta’mirlanganiga qaramay, ko‘prik bugun ham piyodalar uchun xizmat qilmoqda.

Alkantara ko‘prigi

Ispaniyadagi Alkantara ko‘prigi milodiy 105–106 yillarda Rim imperatori Trayan davrida qurilgan.

188 metr uzunlikka ega olti arkali granit ko‘prik Tago daryosi orqali o‘tadi. 1214 yilda mavrlar uni vayron qilgan bo‘lsa-da, keyinchalik bir necha marta qayta tiklangan.

Avval transport harakati uchun xizmat qilgan ko‘prik bugun tarixiy yodgorlik sifatida saqlanmoqda va piyodalar uchun ochiq.

Jyulen ko‘prigi

Fransiya janubidagi Provans hududida joylashgan Jyulen ko‘prigi miloddan avvalgi 3 yilda qurilgan.

U Rimning Italiyani Ispaniya bilan bog‘lagan mashhur Via Domitiya yo‘lining bir qismi bo‘lgan.

80 metrlik ko‘prik qorishmasiz, faqat aniq ishlangan ohaktosh bloklarini bir-biriga moslashtirish orqali qurilgan. Uning tayanchlaridagi maxsus teshiklar suv sathi ko‘tarilganda oqimni yengil o‘tkazish vazifasini bajaradi.

2005 yildan buyon unda avtomobillar harakati taqiqlangan, ammo piyodalar va velosipedchilar uchun ochiq.

Severlar ko‘prigi

Turkiyadagi Sendere yoki Severlar ko‘prigi milodiy 193–211 yillarda qurilgan.

U hozirgi Adiyaman viloyatida, YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Nemrut milliy bog‘i hududida joylashgan.

Bugungi kunda ko‘prikdan faqat piyodalar foydalanishi mumkin.

Asrlarni bog‘lab turgan inshootlar

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, eng mustahkam ko‘priklar ham vaqt o‘tishi bilan ta’mirga muhtoj bo‘ladi. Urushlar, tabiiy ofatlar va vaqt ta’siriga qaramay, mazkur qadimiy ko‘priklar insoniyat muhandislik merosining noyob namunasi sifatida saqlanib qolgan va hozir ham odamlarga xizmat qilishda davom etmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid