Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vazirlik: Talabalar turar joylari sotuvga qo‘yilmagan
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda talabalar turar joylari ommaviy savdoga qo‘yilayotgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, savdoga talabalar yashaydigan xonalar emas, balki yotoqxonalar tarkibidagi bo‘sh turgan yordamchi maydonlar chiqarilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi talabalar turar joylari sotuvga qo‘yilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Vazirlikning ta’kidlashicha, ommaviy savdoga talabalar yashaydigan xonalar emas, balki talabalar turar joylari tarkibidagi bo‘sh turgan yerto‘la, hovli qismi, oshxona, bufet hamda yotoq joy sifatida foydalanilmaydigan boshqa yordamchi maydonlarni ijaraga berish uchun obektlar qo‘yilgan.
Xususan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Farg‘ona davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Urganch davlat universiteti, Farg‘ona davlat texnika universiteti va Termiz davlat universitetidagi ayrim bo‘sh maydonlar ommaviy savdolar orqali ijaraga berish uchun joylashtirilgan. Mazkur obektlar talabalar yashaydigan xonalar hisoblanmaydi va yotoqxonalardagi o‘rinlar soni qisqarishiga sabab bo‘lmaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining talabalar turar joyi sotuvga qo‘yilgani haqidagi xabarlarga ham izoh berildi. Qayd etilishicha, mazkur obekt 2025 yilgi xususiylashtirish dasturi doirasida ommaviy savdoga chiqarilgan bo‘lib, universitetning mavjud binolari faqat Yangi Toshkentda barpo etilayotgan zamonaviy kampus to‘liq qurilib, foydalanishga topshirilganidan keyin bo‘shatilishi sharti bilan xususiylashtiriladi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yangi kampusda zamonaviy o‘quv binolari va 5 ming o‘rinli talabalar turar joylari qurilmoqda. Loyiha universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida rejalashtirilgan 8 ming o‘rin o‘rniga jami 11 084 o‘rinli talabalar turar joylari tashkil etilgan. 2022–2025 yillar davomida esa respublika bo‘yicha 74,1 ming o‘rinli yangi yotoqxonalar yaratilgan.
Ayni paytda respublikada qo‘shimcha 38,5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Shundan 30,7 ming o‘rinli obektlarda qurilish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida davlat-xususiy sheriklik asosida yana 10 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish rejalashtirilgan.
Vazirlik 2026 yil davomida respublika bo‘yicha yana 12 110 o‘rinli yangi talabalar turar joylarini foydalanishga topshirish rejalashtirilganini ham ma’lum qildi.
Mavzuga oid
17:37 / 01.06.2026
Dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingi e’lon qilindi
17:44 / 25.05.2026
Oliygohlarda kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
11:02 / 06.03.2026
Oliy ta’lim vazirligi xodimi 100 ming dollar bilan qo‘lga tushdi
15:40 / 03.03.2026