Texnologiya | 08:19
2924
5 daqiqa o‘qiladi

Dengizlar hukmdorlari: dunyodagi eng kuchli 7 ta suvosti kemasi

Zamonaviy suvosti kemalari bugungi kunda shunchaki suv ostida yashirinib harakatlanuvchi harbiy platformalar emas. Ular minglab kilometr uzoqlikdagi nishonlarga zarba berish, okeanlarda dushman kuchlarini kuzatish, maxsus bo‘linmalarni yetkazib berish hamda bir necha oy davomida aniqlanmasdan xizmat olib borish imkoniyatiga ega. Quyida hozirgi kunda turli mamlakatlar floti tarkibida xizmat qilayotgan eng ilg‘or va yuqori texnologiyali yettita suvosti kemasi haqida ma’lumot beriladi.

Foto: REUTERS

Zamonaviy harbiy-dengiz kuchlarida suvosti kemalari strategik ustunlikni ta’minlovchi eng muhim vositalardan biri hisoblanadi. So‘nggi avlod atom va dizel-elektr suvosti kemalari yuqori maxfiylik, kuchli qurollanish va uzoq avtonom xizmat qilish imkoniyati bilan ajralib turadi.

1. «Yasen-M» (Rossiya)

«Yasen-M» loyihasi dunyodagi eng kuchli ko‘p maqsadli atom suvosti kemalaridan biri sifatida baholanadi. U «Kalibr» qanotli raketalari, «Oniks» kemaga qarshi raketalari hamda gipertovushli «Tsirkon» raketalari bilan jihozlangan.

Avvalgi rusumlarga nisbatan bu kema shovqin darajasini sezilarli kamaytirish va nishonlarni aniqlash tizimlarini takomillashtirish hisobiga yanada samarali bo‘lgan. Mutaxassislar uni Rossiya harbiy-dengiz flotining eng xavfli zarba platformalaridan biri deb baholaydi.

2. Virginia Block V (AQSh)

Ko‘plab harbiy tahlilchilar Virginia Block V loyihasini zamonaviy ko‘p maqsadli atom suvosti kemalari uchun etalon deb hisoblaydi.

Kemaning asosiy ustunliklari orasida juda past akustik ko‘rinish, zamonaviy gidroakustik tizimlar, yuqori universallik hamda razvedka va maxsus operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari bor.

So‘nggi modifikatsiyalarda qo‘shimcha Virginia Payload Module o‘rnatilgan bo‘lib, bu qanotli raketalar zaxirasini sezilarli oshirgan. Qurollanishi tarkibiga Tomahawk qanotli raketalari va Mk 48 og‘ir torpedalari kiradi.

3. Suffren (Barracuda) sinfi (Fransiya)

Fransiyaning Suffren yoki Barracuda sinfidagi suvosti kemalari razvedka, dushman suvosti kemalariga qarshi kurash, qirg‘oqdagi nishonlarga zarba berish hamda maxsus kuchlarni yetkazib berish vazifalari uchun mo‘ljallangan.

Ular kompakt atom reaktori, shovqinni pasaytirish texnologiyalari, zamonaviy qanotli raketalar va og‘ir torpedalar bilan jihozlangan. Loyihada maxfiylik va maxsus operatsiyalarda ishtirok etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilgan.

4. Astute sinfi (Buyuk Britaniya)

Astute sinfidagi suvosti kemalari Buyuk Britaniya Qirollik floti tarixidagi eng takomillashgan zarba beruvchi atom kemalari hisoblanadi.

Ular juda past shovqin darajasi, dunyodagi eng yaxshi gidroakustik majmualardan biri va yuqori avtonomligi bilan ajralib turadi. Ayrim baholashlarga ko‘ra, qulay sharoitda kema yirik kemalarni yuzlab kilometr uzoqlikdan aniqlay oladi.

Qurollanishi Tomahawk raketalari va Spearfish og‘ir torpedalaridan iborat. Atom reaktori butun xizmat muddati davomida yoqilg‘ini almashtirishni talab qilmaydi.

5. «Borey-A» (Rossiya)

«Borey-A» strategik atom raketa tashuvchi suvosti kemasi hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi mamlakatning yadroviy tiyib turish salohiyatini ta’minlashdir.

Har bir kema bir nechta yadroviy jangovar qismlarni qit’alararo masofaga yetkaza oladigan «Bulava» ballistik raketalarini tashiydi. Ushbu loyiha Rossiya yadroviy triadasining dengiz tarkibini tashkil etadi.

6. Taigei sinfi (Yaponiya)

Taigei dunyodagi eng ilg‘or atomsiz dizel-elektr suvosti kemalaridan biri hisoblanadi.

Loyihaning eng muhim xususiyati yangi avlod litiy-ion akkumulyatorlaridan foydalanilishidir. Bu suv ostida uzoqroq qolish, yuqori tezlik va samarali energiya sarfini ta’minlaydi.

Kema asosan Hind-Tinch okeani mintaqasida harakat qilish uchun yaratilgan bo‘lib, zamonaviy aniqlash vositalari, past shovqin va kuchli torpeda qurollanishiga ega.

7. Type 095 (Xitoy)

Xitoyning Type 095 atom suvosti kemasi haqidagi ma’lumotlarning katta qismi hanuz maxfiy saqlanmoqda. Biroq tahlilchilar uni mamlakatning eng zamonaviy zarba beruvchi atom suvosti kemasi bo‘lishi kutilmoqda, deb hisoblaydi.

Mutaxassislar fikricha, mazkur loyiha AQSh va Rossiyaning yangi avlod ko‘p maqsadli suvosti kemalariga raqobatchi sifatida ishlab chiqilmoqda. Xitoyning dengizdagi geosiyosiy manfaatlari kengayib borayotgani hisobga olinsa, Type 095 mamlakat harbiy-dengiz kuchlarining eng muhim elementlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Bu suvosti kemalari har biri turli vazifalar uchun yaratilgan bo‘lsa-da, ularni yuqori texnologiyalar, kuchli qurollanish, uzoq avtonom xizmat qilish va yuqori maxfiylik kabi umumiy xususiyatlar birlashtirib turadi. Zamonaviy dengiz raqobatida aynan shunday platformalar davlatlarning strategik imkoniyatlarini belgilab beruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid