Jahon | 10:40
2165
3 daqiqa o‘qiladi

Monakodagi portlash bo‘yicha tergovda UXX nomi tilga olindi

Monakoda ukrainalik tadbirkor Vadim Yermolayevga qarshi sodir etilgan portlash yuzasidan tergov olib borayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar hodisaga Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) ehtimoliy aloqadorligi haqidagi versiyani ham ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda fransuzning Le Figaro nashri manbalariga tayanib xabar berdi.

Foto: AP

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, tergovchilar ushbu hujumni qasddan o‘ldirishga urinishdan ko‘ra, biznesmenga yo‘llangan «ogohlantirish» sifatida baholamoqda. Ayni paytda bu versiya rasman tasdiqlangan emas va tergov doirasida tekshirilmoqda.

Le Figaroʻning yozishicha, portlashni tashkil etganlikda gumonlanayotgan shaxs voqeadan so‘ng Monako bilan chegaradosh Fransiyaning Bosoley shahriga qochgan, keyin esa Italiya hududiga o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin. Uni qidirish ishlari davom etmoqda.

29 iyun kuni kechqurun Monakodagi turar joy binolaridan biri foyesida kuchli portlash sodir bo‘lgan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida uch kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ular orasida 50–60 yoshlar atrofidagi erkak va ayol hamda 13 yoshli o‘smir bor.

Rasmiylar jabrlanganlarning shaxsini oshkor qilmagan bo‘lsa-da, bir qator ommaviy axborot vositalari ular Dnipro shahrilik tadbirkor va developer Vadim Yermolayev, uning oila a’zolari ekanini xabar qildi. Keyinchalik ayrim nashrlar jarohatlangan ayol Yermolayevning turmush o‘rtog‘i emas, boshqa shaxs bo‘lganini ma’lum qildi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Monako hukumati bilan doimiy aloqada ekanini, voqea joyida ukrainalik diplomatlar ish olib borayotganini bildirdi. Vazirlikka ko‘ra, hozirda rasmiy kanallar orqali jabrlanganlarning shaxsi va ularning Ukraina fuqaroligiga ega-emasligi aniqlashtirilmoqda.

Monako politsiyasi hodisani terrorchilik akti sifatida tasniflamagan. Ish hozircha qasddan odam o‘ldirishga urinish hamda jamoat joyiga portlovchi qurilma joylashtirish moddalari bo‘yicha tergov qilinmoqda.

Vadim Yermolayev Dnipro shahridagi yirik qurilish tadbirkorlaridan biri hisoblanadi. U ko‘chmas mulk, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, logistika va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi «Alef» korporatsiyasi asoschisi hisoblanadi.

«Korrespondent» jurnali ma’lumotiga ko‘ra, uning boyligi 2012 yilda 265 million dollarga baholangan. Keyinchalik Yermolayev Ukraina fuqaroligidan voz kechib, Kipr pasportini olgan. 2023 yilda Ukraina hukumati unga nisbatan 10 yillik shaxsiy sanksiyalar joriy qilgan. UXX ma’lumotiga ko‘ra, bunga uning Qrimdagi biznesi va Rossiya budjetiga soliq to‘lagan kompaniyalari sabab bo‘lgan.

Ayni paytda Le Figaro keltirgan ma’lumotlar tergov doirasidagi versiyalardan biri bo‘lib, hozircha rasmiy idoralar tomonidan tasdiqlanmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid