Jahon | 20:18
3989
5 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiya Bryansk oblastidan yangi hujum boshlashiga tayyorlanmoqda

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Rossiya Chernihiv oblastiga yangi yurish boshlashi mumkinligini aytdi, shu bilan birga, u yangi bosqin Belarus hududidan amalga oshirilishi ehtimolini past baholagan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy «1+1» telekanaliga bergan intervyusida Rossiya Bryansk oblasti hududidan Ukraina shimoliga hujum qilishini urushning keyingi rivojida ehtimoli eng yuqori bo‘lgan variant deb atadi.

Jurnalistning Belarusning Ukraina bilan chegarasida harbiy infratuzilma rivojlantirilayotgani haqidagi savoliga javoban Sirskiy hozircha bu uchastkada Rossiya qo‘shinlari to‘planishi kuzatilmayotganini aytgan.

Ammo, undagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya hukumati Kiyevga qaytadan hujum qilish variantlarini ishlab chiqmoqda.

«Biz bilamizki, Putin Rossiya bosh shtabiga hujum operatsiyasi olib borishning turli variantlarini, jumladan, Belarus hududidan turib Kiyevga hujum qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish vazifasini qo‘ygan», – degan u.

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni hisoblashicha, bular real variantlar emas.

«So‘nggi voqealardan kelib chiqib, Belarus rahbariyati o‘z hududini agressorga o‘z yurish amaliyotini o‘tkazishi uchun platsdarm sifatida taqdim etishga rozi bo‘ladi, deb o‘ylamayman», – deydi Sirskiy.

Sirskiy «so‘nggi voqealar» deganda nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan, ammo gap Ukraina qurolli kuchlari bahorda va yozning birinchi oyida Ukrainaning bosib olingan hududlari hamda Rossiyaning ichkari hududlariga yo‘llangan intensiv zarbalar haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. Harbiy ekspertlarga ko‘ra, Ukrainada zarbdor dronlar bo‘yicha ustunlik paydo bo‘lgan.

May oyi o‘rtalarida Ukrainadagi ayrim rasmiylar va harbiylar Rossiya Belarus tomonidan yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani va unda Belarus qo‘shinlari ishtirok etishi mumkinligini aytib chiqqandi.

Sirskiy shimoldan, ya’ni Rossiyaning Bryansk oblasti hududidan hujum qilish variantini istisno etmaydi.

«Nisbatan ehtimoliy variant, buni ayrim ma’lumotlar ham tasdiqlaydi – bu mamlakat shimoliga Rossiyaning Bryansk oblasti hududidan hujum qilinishi. Bu real variant va biz bunga tayyorgarlik ko‘ryapmiz», – deya qayd etgan Sirskiy. Jurnalistning Kiyevga hujum qilinishi ehtimoli qanchalik ekani haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga javoban qo‘mondon shunday degan: «Yo‘q, Kiyevga emas, Chernihiv oblastiga».

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hujumdan maqsad Ukrainaning chegara zonasidagi hududini bosib olish va Ukraina qo‘mondonligini kuchlarning bir qismini Donbassdan mamlakat shimoliga ko‘chirishga majbur qilish bo‘lishi mumkin.

Sirskiy Ukraina shimolidagi hudud hujum operatsiyalarini o‘tkazish uchun juda murakkab ekanini ta’kidlagan. U yerda botqoqliklar ko‘p, yo‘llar yetarlicha ko‘p emas, og‘ir zirhli texnikalar o‘tishi uchun yaroqli ko‘priklar yo‘q.

Shu bilan birga, bu hududdagi o‘rmonzorlar kichik guruhlar orqali reydlar o‘tkazishni osonlashiradi.

The Wall Street Journal gazetasi bir hafta oldin Moskva Ukraina bo‘ylab yangi hujumlar uchun imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Minskka bosim qilayotgani haqida yozgandi. May oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron so‘nggi to‘rt yil ichida ilk bor Aleksandr Lukashenko bilan qo‘ng‘iroqlashgan va uni urushga qo‘shilishdan qaytargandi.

Lukashenkoning o‘zi iyun oyi davomida Belarus urushga tortilishiga «mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi»ni bir necha bor ta’kidlagan. Shuningdek, u Volodimir Zelenskiyning Rossiyaning Ukraina hududiga zarbalarini yo‘naltirish uchun foydalanilgan chegara retranslyatorlarini o‘chirish haqidagi talabini bajardi.

Oleksandr Sirskiyning ta’kidlashicha, retranslyatorlar hali ham demontaj qilinmagan. Bundan tashqari, u ushbu uskunalardan biri 29 iyun kuni qayta faollashtirilganini aytdi. «O‘ylaymanki, ular endi ularni yoqmaydi, – dedi Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni. – Menimcha, ular bunday qilish kerak emasligini tushunishadi». U katta ehtimol bilan, retranslyatorlarni jismonan yo‘q qilishni nazarda tutgan.

Frontdagi vaziyat yuzasidan izoh berarkan, Sirskiy so‘nggi paytlarda Rossiya qo‘shinlarining faolligi pasayganini ta’kidladi: «Men ikki baravar demayman, lekin uchdan bir qismgaligi – aniq». Shuningdek, Rossiya qo‘shinlari faol ravishda oldinga siljishga harakat qilayotgan yo‘nalishlar ro‘yxati qisqartirilgan. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni so‘zlariga ko‘ra, ilgari bunday uchastkalar 13 ta bo‘lgan, hozir esa yettitani tashkil etmoqda. Shu bilan birga, u Ukraina uchun frontdagi vaziyat murakkabligicha qolayotganini qayd etgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid