Jahon | 11:21
1766
3 daqiqa o‘qiladi

CSIS: Rossiya har oy 30 mingdan ortiq harbiydan ayrilmoqda

Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) hisobotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida Rossiya armiyasining Ukrainadagi yo‘qotishlari keskin oshgan. Tahlilchilar bu holatni, avvalo, Ukraina tomonidan jangovar dronlarni ommaviy va samarali qo‘llash bilan bog‘lamoqda.

Foto: Getty Images

CSIS tomonidan e’lon qilingan hisobotda qayd etilishicha, Rossiya qo‘shinlari nafaqat frontdagi sustlashgan hujumlar, balki shaxsiy tarkib o‘rtasidagi yuqori yo‘qotishlar bilan ham jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yil fevraldan buyon urushda halok bo‘lgan, yaralangan yoki bedarak yo‘qolgan harbiylar umumiy soni qariyb 2 million nafarga yetgan. Shundan taxminan 1,4 millioni Rossiya tomoniga, qolgan qismi esa Ukrainaga to‘g‘ri keladi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, avvalgi yillarda Rossiya va Ukraina yo‘qotishlari nisbati o‘rtacha 2:1 yoki 3:1 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2026 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 8:1 gacha oshgan.

Tahlilchilar ayrim ma’lumotlarga tayanib, Rossiya armiyasi yo‘qotishlarining 90 foizdan ortig‘i to‘g‘ridan to‘g‘ri janglarda emas, balki Ukraina dronlari zarbalari natijasida sodir bo‘layotganini qayd etmoqda.

CSIS mutaxassislari yuqori yo‘qotishlarning yana bir nechta sababini ham keltirgan. Ular orasida jang maydonidagi noto‘g‘ri strategiya, turli bo‘linmalar harakatlarini muvofiqlashtira olmaslik, taktik tayyorgarlikning pastligi, korrupsiya, shaxsiy tarkibning ruhiy holati hamda Rossiya harbiylari uchun Starlink terminallarining ishlamay qolgani qayd etilgan.

Hisobotga ko‘ra, 2026 yilda Rossiya har oy o‘rtacha 30–34 ming nafar harbiydan ayrilmoqda. Bu ko‘rsatkich bir oyda shartnoma asosida xizmatga qabul qilinayotgan taxminan 27 ming nafar ko‘ngilli sonidan yuqori bo‘lib, shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlar to‘liq qoplanmayotganini anglatadi.

CSIS baholashicha, urush boshlanganidan beri Rossiya tomonidan 400–450 ming nafar harbiy halok bo‘lgan. Ukrainada esa halok bo‘lganlar soni 125–150 ming nafar atrofida baholanmoqda. Ukraina Qurolli kuchlarining umumiy yo‘qotishlari esa 525–625 ming nafarni tashkil etishi mumkin.

Tadqiqot mualliflari o‘z hisob-kitoblarida Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ma’lumotlari, «Mediazona» va BBC rus xizmati tahlillari, shuningdek, AQSh, Yevropa va Ukraina rasmiylari bilan o‘tkazilgan suhbatlarga tayanganini bildirgan.

Hisobotda ta’kidlanishicha, mojaro ishtirokchilari o‘z yo‘qotishlari haqidagi ma’lumotlarni kamaytirib, raqib tomon yo‘qotishlarini esa yuqori ko‘rsatishga intiladi. Shu bois rasmiy Moskva va Kiyev e’lon qilayotgan raqamlar mustaqil manbalar baholari bilan to‘liq mos kelmaydi.

CSIS ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi halok bo‘lgan harbiylari soni 1980-yillardagi Sovet Ittifoqining Afg‘oniston urushidagi yo‘qotishlaridan 28 baravardan, birinchi va ikkinchi Checheniston urushlaridagi umumiy yo‘qotishlardan 18 baravardan hamda Ikkinchi jahon urushidan keyin SSSR va Rossiya ishtirok etgan barcha urushlardagi qurbonlardan to‘qqiz baravardan ortiq ekani qayd etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid