Sport | 12:36
7134
14 daqiqa o‘qiladi

JCh kundaligi: Keyn Angliyani qutqardi, Belgiyada dahshatli kambek

Favoritlar uchun asabiy kun: kongoliklar darvozaboni inglizlarni qiynadi; hisob 0:2 ekanida Belgiya futbolchilari o‘zaro urishib ketdi, lekin yakunda Senegal turnirdan chiqarib yuborildi. AQSh ozchilik bo‘lib o‘ynaganiga qaramay, g‘alaba qozondi. Meksikada fojia, Germaniyada aybdorlar izlanmoqda, turnirni tark etgan yana bir jamoada bosh murabbiy iste’foga chiqdi, Turkiyada esa futolchilarga villalar sovg‘a qilindi.

Jahon chempionatida pley-off bosqichi davom etmoqda. 1 iyul kuni kechqurun va 2 iyulga o‘tar kechasi 1/16 final doirasida yana uchta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Va bu o‘yinlarda favoritlarga oson bo‘lmadi – Belgiya Senegal bilan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida hisobni tenglashtirdi va overtaymda g‘alabani ilib ketdi (3:2), Angliya esa Kongo DR bilan o‘yinda ancha vaqt hisobda ortda bordi (2:1). AQSh ham Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yinda xotirjam o‘ynay olmadi – ikkinchi bo‘limda bir kishi kam bo‘lib o‘ynadi va faqat o‘yin oxirida urilgan gol evaziga hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi (2:0).

Maydon tashqarisida ham voqealar ko‘p bo‘lmoqda: Meksikaga yutqazib, turnirni tark etgan Ekvador bosh murabbiyi Sebastyan Bekkasese iste’foga chiqdi, Germaniyada muvaffaqiyatsizlik uchun aybdorlar izlanmoqda, Turkiya futbolchilariga muvaffaqiyatsizlikka qaramay, villalar sovg‘a qilinmoqda, Meksikada esa g‘alabani nishonlash chog‘ida to‘rt nafar muxlis halok bo‘ldi.

Angliyada irodali g‘alaba

Angliya – Kongo DR 2:1
Gollar:
Sipenga, 7 (0:1). Keyn, 75 (1:1). Keyn, 86 (2:1)
Angliya: Pikford, Konsa, Geyi, O`Rayli, Spens (Eze, 70), Rays (Stouns, 90+1), Anderson, Bellinghem, Reshford (Saka, 60), Madueke (Gordon, 60), Keyn
Kongo DR: Mpasi-Nzau, Tuanzebe, Mbemba, Masuaku (J. Kayyembe, 89), Van-Bissaka, Mutussami (Mayyele, 89), Sadiki, Mukau (E. Kayyembe, 76), Sipenga (Bongonda, 76), Mbuku (Elia, 64), Vissa
Ogohlantirishlar: Bellinghem, 19 – Sadiki, 28

Kongoliklar sensatsiyaga yaqin edi. Afrika jamoasi yettinchi daqiqadayoq Brayan Sipengining sa’y-harakatlari bilan hisobni ochishdi va shundan keyin inglizlarning hujumlarini muvaffaqiyat bilan qaytarishdi.

Tomas Tuxel shogirdlari uzoq vaqt «Leopardlar»ga qarshi chora topa olishmadi – o‘yinning dastlabki 20 daqiqaligida to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunlik Afrika vakillarida bo‘ldi, golli vaziyatlar esa faqat suv ichish uchun qilingan tanaffusdan keyingina yuzaga keldi. Ammo bu vaziyatlarda Kongo DR darvozaboni Lionel Mpasi-Nzau qahramonlik ko‘rsatdi va bir necha superseyvlar amalga oshirdi. U ojiz qolganida esa himoyachi to‘pni darvoza chizig‘idan olib chiqdi.

Afrikaliklar ham vaqti-vaqti bilan hujumlarga chiqishdi va tanaffus arafasida hisobdagi ustunlikni oshirishi mumkin edi, ammo Vissa qulay vaziyatdan foydalana olmadi.

Ikkinchi bo‘lim davomida kongoliklar charchab qolishdi va raqib saviyadagi farqni namoyish etdi. Inglizlar sardori Harri Keyn dublni rasmiylashtirib, o‘yin taqdirini hal qildi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Entoni Gordon o‘z hisobiga ikkita golli uzatma yozdirib qo‘ydi.

Angliya 1990 yilgi jahon chempionatidan buyon ilk bor irodali g‘alabaga erishdi. Ko‘p yillik muvaffaqiyatsizlikka barham bergan «Uch sherlar» keyingi bosqichda turnir mezbonlaridan biri bo‘lgan Meksikaga qarshi o‘ynaydi.

Belgiya 0:2 hisobini 3:2 ga aylantirdi

Belgiya – Senegal 3:2
Gollar:
Diarra, 24 (0:1). I. Sarr, 51 (0:2). Lukaku, 86 (1:2). Tilemans, 89 (2:2). Tilemans, 120+5 – penalti (3:2)
Belgiya: Kurtua, Teat, Mehele, De Kyuyper (Mene, 78), Kastan, Tilemans, Vanaken (Moreyra, 63), De Bryuyne (Raskin, 56), Doku (Lukebakio, 56), Trossar (Onana, 109), De Ketelare (Lukaku, 46)
Senegal: Diav, Siss, Niakate, Yakobs (Diuf, 93), Diatta, Gana Guyye (Sapoko Ndiay, 95), Guyye (Kamara, 66), Diarra (P. Sarr, 73), Mane (Jyekson, 93), Ndiay (Mbay, 73), I. Sarr
Ogohlantirishlar: Mehele, 64 – Kamara, 67

Belgiya milliy jamoasi ham 1/8 finalga chiqishda katta qiyinchilikka uchradi. Kuchli guruhdan uchinchi o‘rin bilan pley-offga chiqqan Senegal Fransiya va Norvegiyaga qarshi ham munosib qarshilik ko‘rsatib, muxlislarning sevimli jamoasiga aylangandi – pley-offda ham Pap Tiav shogirdlari o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi: afrikaliklar favoritga katta muammo tug‘dirishdi va sensatsiyaga juda yaqin keldi.

Birinchi bo‘lim senegalliklar ustunligida yakunlandi. O‘yin boshida Rudi Garsiya shogirdlari juda tarqoq ko‘rindi va faqat Habib Diarra hisobni ochganidan keyin o‘ziga kela boshladi. Ammo belgiyaliklarda chinakamiga xavfli vaziyatlar yuzaga kelmadi.

Ikkinchi bo‘limda esa afrikaliklar yana bir gol urishdi – Ismaila Sarr turnirdagi to‘rtinchi golini nishonladi. Jamoalar ikkinchi bo‘limdagi tanaffusga yo‘l olayotganida belgiyaliklar safida ixtilof yuzaga keldi: Leandro Trossar to‘pni o‘ziga oshirmagani uchun Yuri Tilemansga keskin ohangda e’tiroz bildirdi, ularni jamoadoshlari ajratib qoldi.

Bu manzara Belgiyaning turnirni tark etishi ramziga aylanishi kutilgandi, ammo bunday bo‘lmadi.

«Teranga sherlari» tarixiy g‘alabadan bir necha daqiqalik masofada turishgandi. Ammo 86-daqiqada Romelu Lukaku qanotdan jarima maydoniga uzatilgan to‘pga bir teginish bilan hisobni qisqartirdi. Bu gol yevropaliklarni ruhlantirib yubordi va qolgan daqiqalarda raqib jarima maydoni qamal qilindi. 89-daqiqada esa hisobni tenglashtiruvchi gol ham urildi: Trossar darvozabon hududiga havolatib to‘p uzatdi, darvozabon Mori Diav chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, Yuri Tilemans esa bosh bilan to‘pni darvoza to‘riga to‘g‘rilab yubordi.

Shundan keyin jamoalar g‘olibni overtaymda aniqlaydigan bo‘ldi. Ish penaltilar seriyasiga qarab borayotgandi, ammo 117-daqiqada senegalliklar yarimhimoyachisi Lamin Kamara jarima maydoni ichida ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ydi.

U qanotdan yerlatib uzatilgan to‘pni qaytarishga urinib, ortdan yetib kelgan Tilemansning oyog‘iga zarba berib yubordi. Avvaliga bosh hakam Martines o‘yinni davom ettirishga ishora qilgandi, ammo VAR vaziyatga aralashdi va 11 metrlik jarima zarbasi belgilandi.

Tilemans esa sovuqqonlik bilan zarba berib, to‘pni «to‘qqizlik»ka mixladi.

Senegalliklar ikki to‘p ustunligini saqlashga harakat qilgani uchun jazolanishdi, iroda ko‘rsatgan Belgiya esa nimchorak finalda o‘ynaydi.

Amerikaliklar tarix yaratdi

AQSh – Bosniya va Hersegovina 2:0
Gollar:
Balogun, 45 (1:0). Tillman, 82 (2:0)
AQSh: Friz, Richards, Rim, Robinson, Frimen, Adams, Tillman, Makkenni (Reyna, 90+5), Pulishich (Pepi, 88), Dest (Berhalter, 87), Balogun
Bosniya va Hersegovina: Vasil, Muxaremovich, Katich (Memich, 75), Radelich, Kolashinats (Tabakovich, 75), Dedich, Shunich (Taxirovich, 51), Alaybegovich, Gigovich (Maxmich, 51), Demirovich, Jyeko (Bayraktarevich, 51)
Ogohlantirish: Radelich, 80
Chetlatish: Balogun, 64

AQSh milliy jamoasi uchun Bosniya va Hersegovinaga qarshi pley-off o‘yini jiddiy va hayajonli sinov edi – chunki amerikaliklar azaldan yevropaliklar bilan juda yomon o‘ynagan. Statistika chindan ham xavotirli edi: so‘nggi 18 o‘yinda qatorasiga to‘qqiz mag‘lubiyat va bittagina g‘alaba. Amerikaliklar jahon chempionatlarida Yevropa vakillarini tarixda atigi ikki bor mag‘lub etishgan – 2002 va... 1950 yillarda. Shunday ekan, turnir mezbonlarida o‘yindan oldin asabiylashish uchun sabab yetarlicha edi.

Kutilganidek, o‘yin qiyin boshlandi – bosniyaliklar kuchli bosim uyushtirdi va hisobni ochishga ikki bor yaqin kelishdi. Maurisio Pochettino shogirdlari bu hujumlarni qaytardi va tanaffus arafasida hisobda oldinga chiqib olishdi – jamoa to‘purari Folarin Balogun o‘zini ko‘rsatdi. 24 yoshli forvard raqib jarima maydonida rikoshetlardan foydalanib, to‘pga ega chiqdi va kuchli zarba yo‘lladi.

Ammo Balogun bu oqshom antiqahramonga aylanishi ham mumkin edi – ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida uning asablari dosh bermadi va qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Ushbu hujumchi o‘zi istamagan holda raqib to‘pig‘iga zarba berib yubordi va videotakrordan keyin maydondan chetlatildi.

Shundan keyin AQShda jiddiy muammolar boshlanishi kutilgandi, ammo Bosniya sondagi ustunlikdan foydalana olmadi. Mezbonlar hisobdan kelib chiqib o‘ynashdi va o‘yin yakunlanishi arafasida Malik Tillman jarima zarbasini a’lo darajada ijro etib, o‘yinga so‘nggi nuqtani qo‘ydi.

Jyessi Marsh shogirdlari 1/8 finalga chiqdi va Mustaqillik kuni arafasida mamlakatga ajoyib sovg‘a taqdim etdi. Keyingi bosqichda mezbonlarni Belgiyaga qarshi o‘yin kutmoqda.

Mexikoda to‘rt muxlis halok bo‘ldi

Meksikada futbol bayrami fojiaga aylandi. Milliy jamoaning pley-offning ilk o‘yinida Ekvador ustidan g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqqanini nishonlash vaqtida to‘rt nafar muxlis – ikki ayol va ikki erkak vafot etgan.

Mexiko sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, ulardan uch nafari tiqilinchda bo‘g‘ilib qolgan, yana birining yuragi xuruj qilgan.

Shu kuni shahar ko‘chalariga bayram qilish uchun milliondan ortiq kishi chiqqandi. Shahar markazidagi Mustaqillik farishtasi monumenti atrofida esa tiqilinch yuzaga kelgan.

Tiqilinch oqibatida yana o‘nlab kishilar jabrlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda boshqalar bayram qilayotgani fonida tibbiyot xodimlari ahvoli og‘irlashib qolgan odamlar hayotini saqlab qolish uchun kurashayotganini ko‘rish mumkin.

Ekvador ustidan g‘alaba bu qadar keng nishonlanganining sababi bu Meksika milliy jamoasi 1986 yildan buyon jahon chempionati pley-off bosqichlarida ilk bor g‘alaba qozonishi bo‘lgandi. Endi jamoani keyingi bosqichda Angliyaga qarshi o‘yin kutmoqda.

Ekvador murabbiyi baribir iste’foga chiqdi

Jahon chempionati ishtirokchilari orasida yana bir iste’fo ro‘y berdi. Ekvador milliy jamoasi bosh murabbiyi Sebastyan Bekkasese pley-offning ilk o‘yinida Meksikadan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin milliy jamoa boshqaruvini tark etishini e’lon qildi.

45 yoshli argentinalik bilan shartnoma JCh-2026 yakuniga qadar imzolangan bo‘lgan. Jamoa pley-offga chiqqaniga qaramay, tomonlar kelishuvni uzaytirmagan.

«Futbol shunaqa: natija muhim. Endi men go‘zal va ajoyib oilam bilan xayrlashishim kerak, lekin katta minnatdorchilik, xotirjamlik va ichki uyg‘unlik bilan, bor kuchimizni sarflaganimizni bilgan holda. Biz va’da qilingan natijaga erisha olmadik, tariximizdagi eng yaxshi jahon chempionatini o‘tkaza olmadik. Ammo o‘zimdan keyin juda ahil va oila bo‘lgan jamoa qoldiraman. Bo‘lib o‘tgan voqea... Chindan ham ajoyib», – degan ushbu mutaxassis o‘yindan keyingi matbuot anjumanida.

Ekvador milliy jamoasi E guruhida Kot-d'Ivuarga yutqazgan (0:1), Kyurasao bilan durang o‘ynagan (0:0), uchinchi turda Germaniya ustidan irodali g‘alabaga (2:1) erishib, 4 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallagan va pley-off bosqichiga chiqqandi.

Germaniyaning muvaffaqiyatsizligi uchun kim aybdor?

Butun Germaniya pley-offda Paragvaydan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin aybdorlarni qidirmoqda. Bunda asosiy nomzod – bosh murabbiy Yulian Nagelsman, uni birinchi navbatda jamoada kerakli muhit yarata olmaslikda ayblashmoqda. Yaqqol fakt: hal qiluvchi penaltini ura olmagan Jonatan Ta uchun bu faoliyatidagi ilk 11 metrlik zarba edi – u boshqa futbolchilar bunday mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni xohlamagani uchun nuqtaga yaqinlashgan. Ijtimoiy tarmoqlarda jamoa sardori Jozua Kimmih Goretska, Tiau, Braun, Anton kabi futbolchilardan zarba berishni so‘rab, ko‘ndira olmagani aks etgan video tarqalgan.

Mamlakat kansleri Fridrix Mers ham tanqidga uchradi. Jamoa mag‘lubiyatidan keyin u ijtimoiy tarmoqda «o‘z jonbozligi bilan mamlakatni ilhomlantirgani» uchun jamoaga minnatdorchilik bildirib post yozgan. Lekin muxlislar uning so‘zlarini qabul qila olishmadi va endi Mersning o‘zi kulgi nishoniga aylandi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari u «boshqa jamoa bilan adashtirib yuborgani» va «doimgidek reallikdan yiroqdaligi»ni aytib, hazil qilishmoqda. Mers esa o‘z so‘zlaridan qaytmadi va keyingi postida shunday dedi: «G‘alabani birgalikda nishonlaymiz. Mag‘lubiyatda bir-birimizga yordam beramiz. Bu bizni yanada kuchliroq qiladi».

Bu vaqtda esa Yulian Nagelsmann o‘rniga Yurgen Klopp Germaniya milliy jamoasini boshqarishi mumkinligi haqida xabar tarqaldi. Taniqli insayder Fabritsio Romanoga ko‘ra, «Liverpul»ning sobiq ustozi milliy jamoani qabul qilib olishga qarshi emas.

Ushbu mutaxassis 2024 yilda ingliz klubi boshqaruvini tark etganidan keyin faoliyatida tanaffus olgandi, keyinroq Red Bull kompaniyasining futbol sohasiga direktor sifatida ishga o‘tgan. Agar Germaniya futbol ittifoqi (DFB) taklif bilan chiqadigan bo‘lsa, u murabbiylikka qaytishi mumkin.

Navbatdagi o‘yinlar

2026 yilgi jahon chempionatining pley-off o‘yinlari davom etadi — 2 iyul kuni kechqurun va 3 iyulga o‘tar kechasi muxlislarni yana qiziqarli o‘yinlar kutmoqda:

00.00. Ispaniya – Avstriya
04.00. Portugaliya – Xorvatiya
08.00. Shveytsariya – Jazoir

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid