Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
JCh anonsi. Angliya va Belgiya Afrika vakillariga qarshi
Guruhda O‘zbekistonni qoldirib ketgan Kongo DR jamoasi turnir favoritlaridan biri bilan nimchorak final uchun bahs olib boradi.
1 iyul kuni kechqurun va 2 iyulga o‘tar kechasi jahon chempionati 1/16 bosqichi doirasida Angliya – Kongo D, Belgiya – Senegal hamda AQSh – Bosniya va Hersegovina juftliklari ishtirokidagi o‘yinlar bo‘lib o‘tadi.
Angliya – Kongo DR
1 iyul, 21:00. Mercedes-Benz Stadium, Atlanta
Angliya va Kongo DR bunga qadar biror marta o‘zaro o‘ynamagan. Bu ham o‘yinga qo‘shimcha intriga beradi. Inglizlar – ushbu juftlikda favorit ekaniga shubha yo‘q. Ammo kongoliklarni ham yaqqol autsayder deb bo‘lmaydi: guruh bosqichida bu jamoa Portugaliya hujumchilarini to‘xtatgan (1:1). Britanlar esa Afrikaning boshqa bir jamoasi, Gana darvozasiga yo‘l topolmagandi (0:0).
Angliya o‘z guruhida birinchi o‘rinni egalladi, ammo azaliy savolga javob topilmay qoldi: raqib chuqur himoyalanadigan bo‘lsa, qanday yo‘l tutiladi? Gana bilan o‘yindan keyin Tomas Tuxelga savollar paydo bo‘ldi, uning futboli tig‘iz himoyaga qarshi hech narsa qila olmasligi haqida tanqidlar yangradi. Qolaversa, keyingi turda Panama ham quyi blokda himoyalanganida ancha vaqtgacha darvozaga yo‘l topilmadi va faqat Bellinghemning mahorati evaziga himoya devori buzib o‘tildi.
Kongoliklar ham raqibning kamchiliklaridan kelib chiqib, himoyaviy o‘yin uslubini tanlashi tayin. Qolaversa, afrikaliklar guruh bosqichida qarshi hujumlarda qanday o‘ynashini namoyish etgan, tarkibda Yevropa chempionatlarida chiniqqan kuchli futbolchilar yetarlicha.
Inglizlar bu raqib to‘sig‘idan o‘ta olsa, 1/8 finalda turnir mezbonlaridan biri bo‘lgan Meksikaga ro‘baru keladi. Chorakfinaldagi ehtimoliy raqib Braziliya va Norvegiya juftligi g‘olibi bo‘ladi.
Belgiya – Senegal
2 iyul, 01:00. Lumen Field, Sietl
1/16 finaldagi eng intrigali juftlik. Belgiya va Senegal guruh bosqichini juda qiyin boshladi va faqat oxirgi turga kelib ilk g‘alabalariga erishdi. Ikki jamoa ham uchinchi turda beshtadan gol urib, yirik hisoblarda g‘alaba qozondi (raqiblar kamtarona Yangi Zelandiya va Iroq bo‘lgani ham bunga sabab). Va shunday savol tug‘iladi – bu bir lahzalik chaqnashmidi yoki motor endi qizib ishga tushmoqdami?
Rudi Garsiya so‘nggi o‘yinda Lukakuni zaxirada qoldirgan va Trossarga ishonch bildirgan, «Arsenal» hujumchisi bu ishonchni oqlab, dubl rasmiylashtirgandi. Ammo Romelu ham zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan va o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygandi. Shunday ekan, Rudi Garsiya qarshisida qiziq dilemma paydo bo‘ladi, u bu safar hujum markaziga kimni tushiradi. Ammo bu ikkinchi darajali masala, asosiy vazifa esa 35 yoshli De Bryuyne zimmasida, u Tilemans va Onana bilan birgalikda maydon markazida nazoratni ta’minlashi talab etiladi.
Himoya chizig‘i esa u qadar ishonchli ko‘rinmayapti, Teat, Mele, De Kyuyper, Kastan kabi futbolchilar Mane, Jyekson, Sarr, Ndiay kabi yulduzlardan iborat hujum chizig‘ini to‘xtatishi kerak. Afrikaliklar – bu safargi jahon chempionatining eng vertikal va tezkor jamoalaridan biridir, bu esa «oltin» avlodi bilan so‘nggi yirik turnirga kelgan belgiyaliklar uchun jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin.
Bu juftlik g‘olibi keyingi bosqichda AQSh – Bosniya va Hersegovina juftligi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi, chorakfinaldagi ehtimoliy raqiblar Ispaniya yoki Portugaliyadan biri bo‘ladi, u yerda Belgiya ham, Senegal ham favorit sanalmaydi.
AQSh – Bosniya va Hersegovina
2 iyul, 05:00. Levi's Stadium, Santa-Klara
Ushbu o‘yin atrofidagi intrigani amerikalik jurnalist, ABC7 telekanali boshlovchisi Ebigeyl Veles qizdirib berdi: u efirda Bosniyani xaritadan topa olmasligi, ushbu mamlakat haqida hech narsa bilmasligi va bilishni ham istamasligini aytdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uni geografiyani bilmaslik va kalondimog‘likda ayblashmoqda, bosniyalik futbolchilar esa bundan xabardorligi va maydonga o‘z mamlakati dong‘ini dunyoga yoyish ishtiyoqida tushishi tayin.
Albatta, AQSh – ushbu juftlikda favorit va guruh bosqichining so‘nggi turida Turkiyadan uchralgan mag‘lubiyat chalkashtirmasligi kerak, chunki o‘shanda Pochettino maydonga ikkinchi tarkibni tushirgandi. Shunday ekan, jamoaning asosiy futbolchilari 1/16 final o‘yiniga tetik holda yetib kelishadi. Amerikaliklar o‘z hujumlarini qanotlar orqali uyushtirishga, maydon markazida to‘pni olib qo‘yib, tezkor qarshi hujumlarga o‘tishga hamda oldingi chiziqdagi Pulishich va Balogunni tezkor to‘p bilan ta’minlashga harakat qilishi aniq.
O‘z navbatida, Bosniya standart vaziyatlarga va Maxmich hamda Alaybegovich kabi yosh vingerlarining individual mahoratiga tayanadi. Umuman, bolqonliklar jamoasi guruh bosqichini kuchli o‘tkaza olmadi va faqat autsayder Qatar bilan o‘yinda o‘zini ko‘rsatdi. Shunday ekan, Sergey Barbarez shogirdlari kuchli hujum chizig‘iga ega raqibga qarshi himoyaviy o‘yin uslubi tanlashi va qarshi hujumlardan omadini izlashi tayin. AQSh uchun bu o‘yin yetuklik sinoviga aylanishi mumkin, Bosniyaning esa yo‘qotadigan narsasi yo‘q, ushbu jamoa uchun pley-offda ishtirok etishning o‘zi katta natija. Turnir mezbonlaridan esa muxlislar ko‘p narsa kutishmoqda.
Ushbu juftlik g‘olibiga keyingi bosqichda Belgiya va Senegaldan biri raqib bo‘ladi. Shunday ekan, agar AQSh Bosniya to‘sig‘idan o‘ta olsa, chorakfinalga borish uchun imkoniyat yuzaga keladi, bu esa jamoa uchun katta muvaffaqiyat hisoblanadi.
Mavzuga oid
18:46 / 22.05.2026
Angliya JCh-2026 uchun «hayratlanarli» tarkibni e’lon qildi
10:03 / 25.03.2025
JCh-2026 saralashi. Angliyada yirik g‘alaba, yangilangan Litvadan ajoyib kambek va boshqa natijalar
20:54 / 14.07.2024
Ispaniya rekord arafasida, Angliya tarixni yangilashi mumkin. Final prevyusi
15:19 / 14.07.2024