Jahon | 08:22
4574
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy ogohlantirgan hujum amalga oshdi

1 iyuldan 2 iyulga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina poytaxti Kiyevga raketa va dronlar orqali ommaviy hujum uyushtirdi. Hujumlar oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, 25 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan. Shaharning bir qator tumanlarida turar joy binolari va infratuzilma obektlariga jiddiy zarar yetgan.

Foto: REUTERS

Kiyev shahar hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar davomida ko‘p qavatli turar joylar, tez tibbiy yordam podstansiyasi, mehmonxona hamda boshqa obektlar nishonga olingan. Qutqaruv va favqulodda xizmatlar hodisa joylarida qidiruv-qutqaruv ishlarini davom ettirmoqda.

Kiyev shahar meri Vitaliy Klichko ma’lum qilishicha, Shevchenko tumanida joylashgan tez tibbiy yordam podstansiyasiga berilgan zarba oqibatida kamida besh nafar tibbiyot xodimi va haydovchi jarohat olgan. Shuningdek, ushbu tumanda mehmonxona tom qismi hamda bozor hududida yong‘in kelib chiqqan.

Golosiyev tumanida ko‘p qavatli turar joy binosining tom qismi yongan. Desnyan tumanida esa to‘qqiz qavatli uyga zarar yetgani sababli ayrim aholi xonadonlarda qamalib qolgan. Shuningdek, uchuvchisiz uchish apparati parchalari xususiy uy yaqiniga tushgan.

Darnitsa tumanida ham bir nechta xonadon aholisi binoda qamalib qolgan. Bu yerda besh qavatli turar joy binosining bir qismi qulagan, bir nechta xususiy uylarda yong‘in chiqqan.

Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning bildirishicha, Solomen va Svyatoshin tumanlarida ham yong‘inlar qayd etilgan. Obolon va Podol tumanlari ham hujumlardan jabr ko‘rgan. Uning ta’kidlashicha, dronlar Kiyevga bir necha yo‘nalishdan yaqinlashgan va hujum bir necha bosqichda amalga oshirilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hujumdan bir necha soat oldin razvedka ma’lumotlariga tayanib, Rossiya tomonidan mamlakat hududiga ommaviy zarba berilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi. U bu haqda Irlandiyaning Yevropa Ittifoqi kengashi raisligiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etayotgan paytda ma’lum qilgan.

Ukraina ommaviy axborot vositalari va monitoring manbalari Kiyev hamda Dnipro shaharlari va ularning atrofida hujum xavfi yuqori ekanini bildirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomoni ushbu hududlardagi obektlar bo‘yicha faol razvedka ishlarini olib borgan.

Havo hujumi xavfi uzoq vaqt saqlanib qolgani sababli Kiyev aholisining katta qismi tunni metro bekatlarida o‘tkazgan. Mahalliy nashrlar shaharda bir necha soat davomida havo trevogasi e’lon qilingani, dronlar hujumidan keyin raketalar bilan ham zarba berilishi kutilganini xabar qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid