Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kelajak energetikasi: SMR texnologiyasida qaysi davlatlar peshqadam?
AQSh kichik modulli yadro reaktorlari (SMR) texnologiyasini rivojlantirish bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilmoqda. 2026 yil holatiga ko‘ra, mamlakatda bunday reaktorlarni joylashtirish bo‘yicha 28 ta loyiha e’lon qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich keyingi to‘rt davlatning umumiy natijasidan ham yuqori.
Visual Capitalist nashri National Public Utilities Council ma’lumotlari asosida tayyorlagan yangi infografikada kichik modulli yadro reaktorlarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi davlatlar reytingi taqdim etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQShda 28 ta SMR loyihasi rejalashtirilgan. Bu mamlakatni mazkur yo‘nalishda mutlaq yetakchiga aylantirgan. Loyihalarning eng katta qismi milliy laboratoriyalar hissasiga to‘g‘ri keladi — ular tomonidan yettita tashabbus ilgari surilgan. Shuningdek, energetika kompaniyalari, universitetlar va SMR texnologiyalarini ishlab chiquvchi kompaniyalar ham beshtadan loyiha bilan ishtirok etmoqda.
Mutaxassislar fikricha, kichik modulli yadro reaktorlari kelajakda «toza» energetikaning eng istiqbolli texnologiyalaridan biri hisoblanadi. Ular an’anaviy atom elektr stansiyalariga nisbatan arzonroq, ixchamroq va qurilish hamda ekspluatatsiya qilishda ancha moslashuvchan hisoblanadi.

SMR reaktorlarining quvvati odatda 10 megavattdan 300 megavattgacha bo‘ladi. Taqqoslash uchun, an’anaviy yirik atom reaktorlari odatda 1000–1400 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Kichik modulli reaktorlarning yana bir muhim afzalligi — ularning konstruksiyasi zavodlarda seriyali tarzda ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Bu esa qurilish xarajatlarini kamaytiradi, loyihani amalga oshirish muddatini qisqartiradi va yangi obektlarni tezroq ishga tushirish imkonini beradi.
Hozirgi kunda kichik modulli reaktorlarning to‘rtta asosiy turi rivojlantirilmoqda. Ularga yengil suvli reaktorlar, tez neytronli reaktorlar, grafitli yuqori haroratli reaktorlar hamda eritilgan tuzlar asosida ishlaydigan reaktorlar kiradi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, SMR texnologiyasining ixchamligi va modulli arxitekturasi ularni tashish va o‘rnatishni ancha yengillashtiradi. Shu bois bunday qurilmalar yirik data-markazlar, sanoat obektlari hamda yagona elektr tarmog‘iga ulanishi qiyin yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lmagan chekka hududlarni elektr energiyasi bilan ta’minlashda muhim yechim sifatida qaralmoqda.
Mavzuga oid
15:25 / 02.07.2026
“Quyoshli xonadon”larga aprel–may oylari uchun subsidiya to‘lab berildi
09:15 / 01.07.2026
“Quyoshli xonadon” dasturi inqirozdami?
21:23 / 28.06.2026
Poytaxtning uch va Toshkent viloyatining bir tumani elektrsiz qoldi
10:10 / 12.06.2026