Jahon | 09:55
2071
3 daqiqa o‘qiladi

Minsk Rossiyaga safarlar bo‘yicha ogohlantirish berdi

Belarus hukumati mamlakat fuqarolarini Rossiyaga, ayniqsa Ukraina bilan chegaradosh hududlarga safar qilishdan vaqtincha tiyilishga chaqirdi. Rasmiylar buni xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat va Bryansk viloyatida belaruslar bo‘lgan avtobuslarga takroriy hujumlar haqidagi xabarlar bilan izohlamoqda.

Foto: RIA Novosti

Belarus Xavfsizlik kengashi davlat kotibi Aleksandr Volfovich fuqarolarga Rossiyaga, xususan chegara hududlariga safarlarni vaqtincha cheklashni tavsiya qildi. Bu haqda davlatning BelTA agentligi xabar berdi.

Rasmiyning bayonoti so‘nggi uch hafta ichida ikkinchi marta Rossiya rasmiylari Bryansk viloyatida belaruslar bo‘lgan avtobuslarga dronlar hujumi uyushtirilganini ma’lum qilganidan keyin yangradi.

Volfovichning so‘zlariga ko‘ra, Belarus rahbariyati avval ham fuqarolarni Rossiyaning chegara hududlariga bormaslik haqida bir necha bor ogohlantirgan.

«Biz bir necha marta belaruslarga Rossiyaga, ayniqsa chegara hududlariga safar qilishdan tiyilishni tavsiya qilganmiz. U yerda deyarli har kuni dronlar qulamoqda, turli noxush voqealar sodir bo‘lmoqda. Chegaralar yopilmagan, borish yoki bormaslik har kimning shaxsiy qarori, ammo xavfni hamma inobatga olishi kerak», dedi u.

Shuningdek, u so‘nggi hujumga uchragan avtobus maktab, sport tashkiloti yoki davlat idorasi tomonidan tashkil etilgan sayohat emas, balki xususiy tarzda tashkil etilgan safar bo‘lganini ta’kidladi. Avtobusdagi yo‘lovchilar Qora dengiz sohilidagi Anapa shahriga dam olish uchun yo‘l olgan.

Volfovichning ta’kidlashicha, Ukrainadagi urush davom etayotgan bir paytda bunday safarlar xavfsizligini hech kim kafolatlay olmaydi. Shu munosabat bilan u belaruslarga dam olish uchun mamlakat ichidagi imkoniyatlardan foydalanishni tavsiya qildi.

17 iyun kuni Bryansk viloyatida Belarusdan Gelenjikka yo‘l olgan bolalar futbol jamoasi bo‘lgan avtobusga dron zarbasi berilgani haqida xabar qilingan edi. Avtobusda 44 kishi, jumladan 28 nafar bola bo‘lgan. Hodisa oqibatida bolalarga hamrohlik qilgan bir ayol halok bo‘lgan, olti kishi, shu jumladan to‘rt nafar bola jarohatlangan.

Rossiya va Belarus rasmiylari ushbu hujum uchun Ukrainani ayblagan. Biroq Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi bu ayblovlarni rad etib, ko‘rsatilgan vaqtda Bryansk viloyati hududida Ukraina dronlari qo‘llanmaganini ma’lum qildi va bu kabi bayonotlarni «Kremlning axborot provokatsiyasi» deb atadi.

2 iyul kuni Bryansk viloyatida Minsk–Anapa yo‘nalishida harakatlanayotgan yana bir avtobusga hujum qilingani xabar qilindi. Belarus Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida ikki nafar haydovchi va bir yo‘lovchi jarohat olgan hamda Gomel viloyati klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Avtobusdagi qolgan 18 nafar yo‘lovchiga shikast yetmagan.

Rossiyaning Bryansk viloyati ma’muriyati bu hujum uchun ham Ukrainani aybladi. Ukraina tomoni esa mazkur voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid