Jahon | 10:05
2801
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Ukraina shaharlariga yangi hujumlar uyushtirdi

Rossiya 2 iyul kuni kunduzi va kechqurun Ukrainaning bir qator hududlariga yangi zarbalar berdi. Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hujumlar oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi, 31 kishi jarohat oldi. Bu hujumlar Kiyevga uyushtirilgan keng ko‘lamli tungi zarbaning davomi sifatida baholanmoqda.

Foto: State Emergency Service

Ukraina mahalliy hokimiyatlari ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar Xerson, Zaporijjya, Dnipropetrovsk, Mikolayiv, Sumi, Xarkiv va Donetsk viloyatining ayrim hududlarini qamrab olgan.

Xerson shahri markazida fuqarolik avtomobiliga berilgan zarba natijasida 41 yoshli erkak halok bo‘ldi. Yana bir hujum vaqtida tibbiyot muassasasi nishonga olinib, 63 yoshli shifokor vafot etdi, hamshira esa jarohat oldi.

Kechqurun esa mahalliy aholi vakili o‘t o‘rish vaqtida portlovchi jismga duch kelib halok bo‘lgani xabar qilindi. Viloyat rahbariyatining ma’lum qilishicha, kun davomida Xersonga dronlar hujumi bir necha bor takrorlangan.

Zaporijjyada zarbalar turar joy binosi, omborxona, pochta saralash markazi va sport majmuasiga to‘g‘ri keldi. Hujumlar oqibatida yetti kishi jarohat oldi. Ular orasida 6, 7, 12 va 16 yoshli bolalar ham bor.

Dnipropetrovsk viloyatida ikki kishi, jumladan yetti yoshli qizaloq halok bo‘ldi. Yana to‘qqiz kishi, ular orasida 11 yoshli qiz va 14 yoshli o‘smir ham jarohatlangan. Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, viloyatga dronlar, artilleriya, aviabombalar va raketa orqali qariyb 40 ta zarba berilgan. Natijada ko‘p qavatli va xususiy uylar, gimnaziya hamda avtomobillarga zarar yetgan.

Mikolayiv viloyatida dron hujumi oqibatida yonilg‘i quyish shoxobchasi yaqinida bir kishi halok bo‘ldi, yana yetti kishi jarohatlandi. Hujum tufayli yonilg‘i quyish shoxobchasi binosi vayron bo‘lgan, xususiy uylar va transport vositalariga ham shikast yetgan.

Xarkiv shahridagi hujumlardan biri ko‘p qavatli turar joy binosiga to‘g‘ri keldi. Shaharda uch kishi jarohat olgan, yonilg‘i quyish shoxobchasi va bir nechta avtomobillarga zarar yetgan.

Sumi shahriga uchta boshqariladigan aviatsiya bombasi tashlangani ma’lum qilindi. Hodisa oqibatida 11 kishi, jumladan uch nafar bola tibbiy yordamga murojaat qilgan. Maktab binosiga katta zarar yetgan, ammo hujum vaqtida o‘quvchilar binoda bo‘lmagan. Shuningdek, dron pochta avtomobiliga zarba berishi natijasida haydovchi va pochta xodimi jarohatlangan.

Donetsk viloyatining Kramatorsk shahrida esa dronning yengil avtomobilga zarba berishi oqibatida bir kishi jarohat olgan.

Ukraina rasmiylari mazkur hujumlarni 2 iyulga o‘tar kechasi Kiyevga amalga oshirilgan ommaviy zarbaning davomi sifatida baholamoqda. Ularga ko‘ra, poytaxtga qilingan tungi hujum qurbonlar soni jihatidan urush boshlanganidan buyon eng og‘irlaridan biri bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid