O‘zbekiston | 15:39
7095
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda temiryo‘l o‘tkazilgan damba o‘pirildi

Samarqanddan Urgutga olib boruvchi ushbu temiryo‘l foydalanishga topshirilganiga bir yil ham bo‘lmagandi. Loyiha taqdimotida temiryo‘l izlarini suv oqimidan himoyalovchi damba qurilganiga urg‘u qaratilgandi.

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati Toyloq tumani hududidan o‘tgan yangi temiryo‘l tarmog‘ida favqulodda holat ro‘y berdi. Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan videoda daryo suvi temiryo‘l o‘tkazilgan dambani yuvib ketgani, natijada relslar tayanchsiz qolganini ko‘rish mumkin.

Hodisa Toyloq tumani Do‘stlik mahallasi hududida, temiryo‘lning Zarafshon daryosi yoqalab o‘tgan qismida sodir bo‘lgan.

Videoda daryo suvi relslar ostidagi tuproqni yuvib ketgani tufayli temiryo‘lning mazkur qismi foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelganini ko‘rish mumkin.

Mazkur hodisa ro‘y bergan uchastka 2025 yil noyabrida foydalanishga topshirilgan «Samarqand – Urgut» yangi temiryo‘l tarmog‘ining bir qismi hisoblanadi. Ushbu loyiha doirasida Samarqand va Urgut o‘rtasida 55,4 kilometrlik yangi temiryo‘l qurilgan, ikkita vokzal, ikkita to‘xtash punkti, ikkita ko‘prik hamda yuzdan ortiq sun’iy inshootlar barpo etilgan edi.

E’tiborli jihati shundaki, «O‘zbekiston temir yo‘llari» loyiha taqdimotida aynan Zarafshon daryosi qirg‘og‘idan o‘tgan temiryo‘l izlarini suv oqimidan himoyalovchi damba qurilgani haqida ma’lum qilgandi.

Kun.uz holat yuzasidan batafsil ma’lumot olish uchun «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid