Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eskrou orqali rasmiylashtirilgan oldi-sotdi bitimlari o‘sishda davom etmoqda
2026 yil iyun oyida eskrou hisobvaraqlari orqali ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisi bo‘yicha 34 ming 387 ta bitim rasmiylashtirildi. Bu may oyiga nisbatan qariyb 18,5 foiz, aprelga nisbatan esa 8,3 foiz ko‘p bo‘lib, so‘nggi uch oy ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil etdi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyidagi bitimlarning 19 ming 241 tasi (55,9 foiz) transport vositalari, 15 ming 146 tasi (44,1 foiz) esa ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga to‘g‘ri kelgan. Yana 834 ta bitim ko‘rib chiqilish jarayonida.
Taqqoslash uchun, aprel oyida eskrou hisobvaraqlari orqali 31 ming 757 ta bitim rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan 18 ming 960 tasi transport vositalari, 12 ming 797 tasi ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga oid bo‘lgan. O‘sha paytda 1 ming 516 ta bitim jarayonda qolgan.
May oyida esa jami bitimlar soni 29 ming 23 taga tushgan. Ularning 16 ming 584 tasi transport vositalari, 12 ming 439 tasi ko‘chmas mulk oldi-sotdisiga to‘g‘ri kelgan, 1 ming 113 ta bitim esa ko‘rib chiqilish bosqichida bo‘lgan.
Shunday qilib, iyun oyida nafaqat rasmiylashtirilgan bitimlar soni oshgan, balki ko‘rib chiqilish jarayonidagi bitimlar soni ham ketma-ket uchinchi oy kamayishda davom etgan. Bu esa arizalarni ko‘rib chiqish va bitimlarni yakunlash jarayoni tezlashganini ko‘rsatishi mumkin.
Hududlar kesimida yetakchilik o‘zgarmadi. Iyun oyida Toshkent shahrida 9 ming 373 ta bitim qayd etilib, bu respublika bo‘yicha jami bitimlarning 27,3 foizini tashkil etdi. Aprelda poytaxtda 9 ming 177 ta, mayda esa 8 ming 575 ta bitim rasmiylashtirilgan edi.
Faollik yuqori bo‘lgan boshqa hududlar qatorida Farg‘ona viloyati (iyun — 3 ming 456 ta, may — 2 ming 708 ta, aprel — 3 ming 42 ta), Samarqand viloyati (iyun — 2 ming 990 ta, may — 2 ming 523 ta, aprel — 2 ming 766 ta) hamda Andijon viloyati (iyun — 2 ming 737 ta, may — 2 ming 383 ta, aprel — 2 ming 354 ta) qayd etildi.
Natijada may oyidagi qisqa pasayishdan so‘ng iyunda eskrou hisobvaraqlari orqali rasmiylashtirilayotgan ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdi bitimlari soni yana o‘sish trayektoriyasiga qaytdi.
Eslatib o‘tamiz, eskrou hisobvaraqlari xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi hisob-kitoblarni xavfsiz amalga oshirish mexanizmi bo‘lib, mablag‘lar bitim shartlari bajarilgandan keyingina sotuvchiga o‘tkaziladi.
Mavzuga oid
15:00 / 03.07.2026
O‘zbekistonda UzQR tizimi ishga tushdi. Asosiy savollarga javoblar
19:21 / 16.06.2026
O‘zbekistonning jahon chempionatidagi ishtirokiga bag‘ishlangan esdalik tangalar sotuvga chiqariladi
16:50 / 16.06.2026
“Asosiy stavka ta’sirchanligini oshirish choralarini ko‘ramiz” – Ishmetov
16:37 / 16.06.2026