Jahon | 19:55
1432
3 daqiqa o‘qiladi

Jaziramadagi bayram: issiq sabab AQShdagi mustaqillik tadbirlari bekor qilinmoqda

AQShning sharqiy sohili bo‘ylab shu kunlarda o‘ta issiq yoz hukmron. Harorat kunduzi 38-46 darajagacha chiqmoqda, havodagi yuqori namlik ham hisobga olinsa, bu juda noqulay ob-havo. 4- iyul AQSh mustaqilligining 250 yilligi nishonlanmoqda, biroq hukumat rejalagan tadbirlar issiq havo ortidan ketma-ket bekor qilinmoqda. Masalan, Filadelfiya, Nyu-Jyersey, Vashingtondagi paradlar o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

Bu yili AQSh mustaqilligining 250 yilligini keng nishonlamoqda. Tarixdagi eng katta va uzoq davom etuvchi salyut, qiruvchi samolyotlar ishtirokida osmondagi shou, Vashington monumentidagi tomosha, maxsus konsert, festivallar va’da qilingan. 1 iyul kunidan National Mall, ya’ni Vashingtonning yuragida bu tadbirlarning ba’zilari o‘tkazib kelinmoqda. Lekin, asosiy parad va salyutlar 4 iyul oqshomiga rejalangan edi.

Ammo, shu kunlarda AQShning sharqiy sohili bo‘ylab o‘ta issiq ob-havo hukmron. Kunduzi harorat 38-46 darajagacha isib, odamlarga jiddiy noqulayliklar tug‘dirmoqda. Millionlab fuqarolar zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmaslikka chaqirildi. Havodagi yuqori namlik ham inobatga olinsa, bu rostanam juda noqulay ob-havo.

Tadbirlarga kelsak, issiq sabab Vashingtondagi asosiy parad 3 iyul kuni bekor qilindi. Sababi 4 iyul kuni shaharda harorat 39 gradusga chiqadi va namlik hisobiga odamlar 46 darajadek his etadi. Bunday sharoitda mustaqillik paradini o‘tkazish odamlar hayoti uchun xavfli.

Bundan tashqari, Filadelfiyadagi eng yirik mustaqillik paradi ham bekor qilindi, dastavval parad marshruti qisqartirildi, so‘ngra to‘liq bekor bo‘ldi.

Vashingtondagi Great American fair, ya’ni mashhur charxpalak ishdan to‘xtadi. Chunki issiq sabab unga chiqqan bir necha kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga Virjiniyaning Feyrfaks, Lisburg tumanlari, Merylandning Takoma parkidagi, Laurel tumanidagi, Nyu-Jyerseyning tumanlaridagi bayram tadbirlari o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Hatto, Nyu-Yorkdagi ba’zi chiqishlar to‘xtatilgani e’lon qilingan.

Hozircha Vashingtonda 4 iyul kechqurun salyut otilishi va konsert bo‘lishi aniq bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSh o‘zining 250 yillik mustaqillik kunini jiddiy tayyorgarlik bilan nishonlar ekan, xorijdagi elchixonalar ham alohida tadbirlar o‘tkazdi. Vashington monumentida 18 daqiqalik AQSh tarixi va buguniga bag‘ishlangan maxsus video namoyish etildi.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid