Jahon | 09:20
1421
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva harbiy sudi Simonyanga suiqasd ishi bo‘yicha hukm chiqardi

Moskva shahridagi 2-G‘arbiy okrug harbiy sudi RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyanga suiqasd tayyorlashda, shuningdek, neonatsistik va Rossiyada terrorchilik tashkiloti deb topilgan NS/WP (National Socialism/White Power) tashkiloti faoliyatida ishtirok etishda ayblangan shaxslarga nisbatan hukm chiqardi. Sudlanuvchilar 6 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.

Foto: Getty images

Mahkama materiallariga ko‘ra, ish bo‘yicha jami 12 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Ularning aksariyati qo‘lga olingan paytda voyaga yetmagan bo‘lgan. Ish Rossiya Ichki ishlar vazirligi talabiga binoan yopiq tartibda ko‘rib chiqilgan. Bunga terrorchilik tashkiloti tomonidan ehtimoliy provokatsiyalar yuz berishi mumkinligi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Ayblanuvchilarga terrorchilik tashkilotini tuzish va unda ishtirok etish, bosqinchilik, bezorilik, ekstremistik faoliyatga ommaviy chaqiriq qilish, milliy adovat va nafrat qo‘zg‘atish kabi bir qator jinoyatlar yuklangan.

Sud qaroriga ko‘ra, Mixail Balashov va Yegor Savelev Margarita Simonyanga suiqasd tayyorlashda aybdor deb topilgan. Balashov 20 yil, Savelev esa 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Qolgan ayblanuvchilarga, jumladan voyaga yetmaganlarga ham, 6 yildan 18 yilgacha qamoq jazosi tayinlangan.

«Mediazona» nashrining yozishicha, Balashov va Savelev qo‘lga olingach, ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llangan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotlar berilgan. Bu da’volar bo‘yicha rasmiy idoralar tomonidan tasdiqlangan ma’lumot mavjud emas.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati 2023 yil yozida Margarita Simonyan va jurnalist Kseniya Sobchakka qarshi suiqasd rejasi bartaraf etilganini ma’lum qilgan edi. Idoraning ta’kidlashicha, bu reja Ukraina Xavfsizlik xizmati topshirig‘i bilan tayyorlangan. Keyinchalik e’lon qilingan tergov materiallarida Kseniya Sobchakning ismi ishdan chiqarilgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Mixail Balashov 2022 yil aprel oyida «Paragraf 88» nomli guruhni tashkil etgan bo‘lib, u NS/WP tashkilotining mahalliy bo‘g‘ini sifatida faoliyat yuritgan. Ayblov tomonining bildirishicha, Balashov millatchilik va milliy-sotsialistik qarashlarni qo‘llab-quvvatlagan tanishlarini ushbu guruhga jalb qilgan.

Shuningdek, tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil kuzidan 2023 yil yozigacha «Paragraf 88» a’zolari Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan muhojirlarga qarshi kamida oltita hujum uyushtirgan. Aytilishicha, ular jabrlanuvchilarni shafqatsizlarcha kaltaklab, hujumlar tasvirlangan videolarni internet tarmoqlarida tarqatgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid