Jamiyat | 10:20
2427
2 daqiqa o‘qiladi

Mug‘lada suvga tushgan 21 yoshli o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Turkiyaning Mug‘la viloyatida suvga cho‘milish uchun daryoga tushgan 21 yoshli O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Qutqaruvchilar olib borgan qidiruv ishlari natijasida uning jasadi suvdan topildi.

Hodisa Mug‘la viloyatining Seydikemer tumaniga qarashli Chobanlar mahallasida sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi, 21 yoshli Shoyadbek Halimjonov uydan chiqib, daryoda cho‘milish uchun yo‘l olgan. Uzoq vaqt davomida undan darak bo‘lmagach, otasi o‘g‘lini qidirish uchun daryo sohiliga borgan.

Daryo bo‘yidan yigitga tegishli kiyimlarni topgan ota zudlik bilan 112 tezkor chaqiruv xizmatiga murojaat qilgan.

Hodisa joyiga jandarmeriya, tez tibbiy yordam, AFAD qutqaruv xizmati, dengiz politsiyasi hamda qidiruv-qutqaruv guruhlari jalb qilingan. Qidiruv ishlariga Fethiye sohil qo‘riqlash qo‘mondonligi g‘avvoslari ham qo‘shilgan.

Qutqaruvchilar tomonidan daryoda olib borilgan qidiruv ishlari natijasida Shoyadbek Halimjonovning jasadi topildi.

Marhumning jasadi voqea joyida o‘tkazilgan dastlabki ko‘rikdan so‘ng sud-tibbiy ekspertizasi uchun morgga yuborildi.

Hodisa yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid