Jahon | 14:30
1175
3 daqiqa o‘qiladi

Novosibirsk oblastida zapravkalarning katta qismi ishlamayapti

Bir kun oldin Novorossiysk shahridagi zapravkalarning barchasida benzin tugab qolgandi.

Foto: EPA/TASS

Rossiyaning Novosibirsk oblastida yoqilg‘i bilan bog‘liq vaziyat og‘irligicha qolmoqda: hududdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalarining bir qismi ishlamayapti, ishlayotgan zapravkalar atrofida esa ulkan navbatlar hosil bo‘lgan, deb xabar berdi hudud gubernatori o‘rinbosari Oleg Klemeshov.

4 iyul tongida mahalliy rasmiylar «Gazpromneft» tarmog‘iga tegishli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida birinchi navbatda davlat xizmatlari, tez yordam avtomobillari hamda jamoat transporti uchun benzin quyishga ko‘rsatma bergan.

Klemeshov 4 iyul kuni kunduzi bir necha soat davomida «Gazpromneft»ning Novosibirsk, Berdsk va Iskitimdagi to‘qqizta zapravkasida birinchi navbatda 24 soat davomida ishlovchi favqulodda xizmatlarning mashinalariga ustuvorlik berilishidan ogohlantirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Gazpromneft» benzin quyish nuqtalarini oshirish maqsadida operatorlar bo‘lmagan stansiyalarning bir qismini qaytadan ishga tushirgan.

3 iyul kuni bir necha soat mobaynida Novorossiyskdagi barcha zapravkalarda benzin butunlay tugab qolgandi. Faqat kunning ikkinchi yarmiga kelib ayrim zapravkalarda yoqilg‘i kartalariga ega bo‘lganlar uchun benzin sotilishi tiklandi.

Novorossiyskda yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar 10 iyun kuni boshlangandi. Iyul oyi boshiga kelib shahar aholisi ishlayotgan zapravkalar atrofida soatlab navbat kutishga majbur bo‘la boshladi.

93.ru nashri Novorossiyskda yashovchilardan biriga asoslanib yozishicha, yoqilg‘i inqirozi tufayli shahardagi haydovchilar konditsionerlarni ishlatmay qo‘yishgan, taksi narxlari ko‘tarilgan, ko‘chalarda esa mashinalar soni keskin kamaygan.

Joriy yil may oyida Ukraina armiyasi Rossiyaning turli hududlaridagi neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni kuchaytirgach, Rossiyada yoqilg‘i inqirozi yuzaga keldi. Iyul oyiga kelib mamlakatning deyarli barcha hududlarida yoqilg‘i mahsulotlari sotuvida cheklovlar joriy etilgan. Benzin taqchilligi tufayli ko‘plab rossiyaliklar zapravkalarda soatlab, ba’zida kunlab navbat kutishga majbur bo‘lmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid