Jahon | 19:00
1172
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada amaldorlarga navbatsiz xizmat ko‘rsatuvchi zapravkalar paydo bo‘ldi

Foto: Getty Images

Rossiyaning kamida to‘rtta regionida avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida amaldorlarga navbatsiz benzin quyib berilmoqda. 

«7×7» nashri e’tibor qaratishicha, yaqinda benzin sotuviga joriy etilgan cheklovlar 15 iyulga qadar uzaytirilgan Saratovda «Rosneft»ning avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalaridan biri faqat davlat xizmatchilari avtomobillari uchun xizmat ko‘rsatmoqda. Biroq bu faqat favqulodda xizmatlarning mashinalariga taalluqli emas, deb yozadi mahalliy «Vzglyad-info» nashri.

«Ko‘z o‘ngimizda Saratovdagi rayonlardan birining ma’muriyati xodimi, MFs va «Rossiya pochtasi» avtomashinalarining haydovchilari yonilg‘i quyishdi. Yana bir mijoz esa parol sifatida «Hukumat» so‘zini aytdi», – deydi haydovchilardan biri.

Jurnalistlar qayd etishicha, bu zapravkada xaridorlardan hech qanday hujjat so‘ralmayapti. Ammo bu yerda ham umumiy cheklov amal qilmoqda – bitta mashinaga bir kunda 30 litrdan ortiq benzin quyilmaydi.

Krasnodar shahar dumasi deputati Aleksandr Safronov o‘z telegram-kanalida kuzatuvchilaridan biri «Rosneft»ning hududdagi zapravkalaridan birida olgan videorolikni joylashtirgan. Unda bu yerda benzin faqat tegishli guvohnomani taqdim etayotgan davlat xizmatchilariga sotilayotganini ko‘rish mumkin.

YeAN nashri o‘quvchilari ham shunga o‘xshash holat haqida aytib berishgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, «Rosneft»ning Chelyabinsk – Yekaterinburg trassasi bo‘yida joylashgan zapravkada oddiy xaridorlar benzin yo‘qligi vaj qilinib, qaytarib yuborilmoqda, ammo davlat xizmatchilariga benzin quyib berilmoqda.

«Gazprom»ning Volgograddagi zapravkasida ham mahalliy aholi vakillariga benzin sotilmayapti. Uni faqat yoqilg‘i kartasiga ega bo‘lgan xaridorlar sotib olishi mumkin. Bunday kartalar barcha uchun chiqarilgan, ammo amalda undan faqat favqulodda xizmatlar ishchilari va mahalliy ma’muriyat vakillari foydalanmoqda.

  • Ukraina dronlarining neft obektlariga hujumlari ko‘paygani sababli Rossiyada yoqilg‘i inqirozi davom etmoqda. Deyarli barcha hududlarda benzin sotishga cheklovlar mavjud. Natijada odamlar avtomobilga yoqilg‘i quyish uchun soatlab navbatda turishga majbur bo‘lmoqda.
  • Rossiya hukumati mamlakatda yoqilg‘i taqchilligi jiddiy emasligini aytmoqda. RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak shu kunlarda Rossiyada ichki bozor «benzin bilan ta’minlangani»ni aytib chiqqandi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid