Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa sari navbatdagi bekat. Shavkat Mirziyoyev – Gurjistonda
Shimol orqali an’anaviy savdo yo‘llari tobora murakkablashayotgan fonda, O‘zbekiston muqobil transport yo‘laklarini faol rivojlantirmoqda. Bu masalada Gurjiston alohida o‘rin tutadi. Qora dengiz portlari, O‘rta koridor va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyati Tbilisini Toshkentning muhim hamkoriga aylantirmoqda.
Siyosiy tahlilchi Umrbek Yusupov Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida O‘zbekiston prezidentining Gurjistonga 23 yil ichidagi ilk tashrifiga izoh berdi.
— Gurjiston va O‘zbekiston bir-biridan nima xohlaydi?
Umrbek Yusupov: So‘nggi yillarda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi, ya’ni O‘rta koridorning strategik ahamiyati keskin oshdi. Ukraina–Rossiya urushi ortidan Shimoliy koridor orqali yuk tashish imkoniyatlari sezilarli darajada cheklangach, mintaqa davlatlari muqobil logistika yo‘nalishlariga faol e’tibor qarata boshladi. Ana shunday yo‘nalishlardan biri – Kaspiy dengizi, Ozarboyjon va Gruziya orqali Qora dengiz portlari bilan Yevropani bog‘lovchi transport yo‘lagidir. Aslida bu yo‘l avvaldan mavjud edi, biroq bugungi geosiyosiy vaziyat uning ahamiyatini yanada oshirdi.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda integratsiya jarayonlarining jadallashuvi Janubiy Kavkaz davlatlarining mintaqamizga qiziqishini ham kuchaytirdi. Ozarboyjon transport va energetika yo‘nalishlarida faol ishtirok etayotgan bo‘lsa, Gruziya ham so‘nggi besh-olti yil davomida Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston bilan hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekiston ham Janubiy Kavkaz bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga intilmoqda. Buni ikki davlat o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolangani ham yaqqol tasdiqlaydi. Bu hujjat O‘zbekiston va Gruziya munosabatlari tarixida yangi bosqich boshlanganini anglatadi. Gruziya muzokaralar davomida O‘zbekistonning davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqaro huquq tamoyillariga qat’iy amal qilayotganini alohida e’tirof etdi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy ishonchning yuqori darajada ekanini ko‘rsatadi.
Uzoq yillar davomida mavjud salohiyat to‘liq ishga solinmagan edi. So‘nggi yillarda esa vaziyat tubdan o‘zgardi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017–2025 yillar oralig‘ida o‘zaro savdo hajmi uch barobarga oshdi. Ilgari qariyb 90 million dollarni tashkil etgan savdo aylanmasi bugungi kunda 270 million dollarga yaqinlashdi. Endi tomonlar yaqin istiqbolda bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Hamkorlik faqat savdo bilan cheklanmayapti. Bank-moliya sohasidagi aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. Gruziyaning eng yirik moliyaviy institutlaridan biri – TBC banki 2019 yilda O‘zbekiston bozoriga kirish jarayonini boshladi va 2020 yilda bank litsenziyasini oldi. Bugungi kunga kelib u mamlakatimizdagi eng faol xorijiy banklardan biriga aylandi. Bank tomonidan qariyb yarim milliard dollar investitsiya yo‘naltirilgani ham O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan ishonchning yuqoriligini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, Gruziya kapitali ishtirokidagi 60 ga yaqin korxona O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda. Ularning qariyb yarmi to‘liq Gruziya sarmoyasi asosida tashkil etilgan. Farmatsevtika, kimyo sanoati, oziq-ovqat ishlab chiqarish, xizmatlar, logistika va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik tobora kengayib bormoqda. Jumladan, Toshkent Pharma Park hududidagi ayrim loyihalarda ham Gruziya kapitali ishtirok etmoqda.
Davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan biznes-forumlar va imzolangan kelishuvlar aynan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Bu tashrif O‘zbekiston–Gruziya munosabatlari tarixidagi eng muhim siyosiy voqealardan biri bo‘lib, strategik sheriklik maqomining berilishi ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Eng muhimi, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning kelajakdagi rivojida Janubiy Kavkaz hal qiluvchi geostrategik hududlardan biriga aylanmoqda. Bu, avvalo, O‘rta koridor istiqbollari bilan bog‘liq. Aynan shu yo‘nalishda Gruziya O‘zbekiston uchun Yevropaga chiqadigan eng muhim logistika darvozalaridan biri hisoblanadi.
Buni amaliy raqamlar ham tasdiqlaydi. 2021 yildan boshlab O‘zbekiston yuklarini Poti va Batumi portlari orqali Yevropaga yetkazish hajmi sezilarli oshdi. 2022 yilda ushbu portlar orqali tashilgan eksport-import yuklari 864 ming tonnaga yetib, bir yil avvalgiga nisbatan 72 foizga ko‘paygan. Bu esa Transkaspiy yo‘nalish tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini va Gruziya O‘zbekistonning Yevropa bilan savdo aloqalarida strategik hamkorlardan biriga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
14:23
Putin harbiy kiyimda ko‘rinish berdi, Zalujniy prezident bo‘lmoqchi | "Geosiyosat"
13:49
23 yillik tarixiy tashrif. Gurjiston bilan aloqalarning yaxshilanishi nega muhim?
17:34 / 03.07.2026
Tbilisida Alisher Navoiy haykali ochildi
14:55 / 03.07.2026