Jahon | 17:15
2236
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Putinni Konstantinovka bo‘yicha yolg‘on bayonot berishda aybladi

U Rossiya prezidentini ushbu shaharda uchrashishga chaqirgan.

Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya tomonining rus harbiylari Donetsk oblastidagi Konstantinovka shahrini to‘liq egallagani to‘g‘risidagi bayonotini «yolg‘on» deb atadi.

«Bu shunchaki qandaydir yangilik tarqatishni xohlagan Rossiyaning navbatdagi yolg‘oni», – degan Zelenskiy. Uning fikricha, Vladimir Putin AQShdagi Mustaqillik kuni arafasida prezident Donald Trampga frontdagi vaziyat haqida yolg‘on ma’lumot yetkazishni istagan.

«Modomiki, Konstantinovka hozir Rossiya nazoratida ekan, Putinda bu yerga kelib, men bilan uchrashish va urushni nihoyat yakunlashda muammo bo‘lmasdi. Ammo u baribir chizig‘ini kesib o‘tmaydi: haqiqat Putinning so‘zlaridan jiddiy farqlanadi», – deya qo‘shimcha qilgan Ukraina yetakchisi.

3 iyul kuni kechqurun Kreml Rossiyadagi telekanallar va davlat axborot agentliklari orqali Putin Rossiya birlashgan qo‘shinlar guruhi boshqaruv punktlaridan biriga tashrif buyurgani haqida ma’lumot tarqatdi. U yerda o‘tkazilgan yig‘ilishda Rossiya prezidentiga RF qurolli kuchlari Konstantinovka shahrini to‘liq egallagani haqida hisobot berilgan.

Konstantinovka uchun janglar 2025 yil oktyabridan buyon davom etmoqda. So‘nggi haftalarda rossiyalik shturmchilar shaharning barcha rayonlarida ko‘rinish bergan, ammo uning chekkalarida Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari ham saqlanib qolgan. 

«Agenstvo» nashri qayd etishicha, Putinning 3 iyul kuni harbiylar oldiga kelishi – so‘nggi yarim yil ichida birinchisi bo‘ldi. Jurnalistlar taxminiga ko‘ra, yig‘ilish kunduzi o‘tkazilgan, ammo bu haqda kechgacha xabar bermay turishgan. Shu tariqa, Putinning bayonotlari AQShda ish kuni oxirida, Rossiya vositachiligiga umid qilayotgan Vashington uchun qulay vaqtda chiqqan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid