Jahon | 10:35
1695
4 daqiqa o‘qiladi

«Gazprom» Mudofaa vazirligi bilan yangi shartnoma imzoladi

Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi mamlakat Mudofaa vazirligi bilan gaz ta’minoti obektlarini qo‘riqlash va patrul qilish uchun mobil o‘t ochish guruhlarini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzoladi. «Exo» nashrining yozishicha, ushbu guruhlarga qo‘shilganlar amaldagi harbiy xizmatchilar maqomiga ega bo‘lmaydi, balki safarbarlik rezervi tarkibida faoliyat yuritadi.

Foto: RIA Novosti

Nashr ma’lum qilishicha, shartnoma to‘liq harbiy xizmatni emas, balki safarbarlik rezervida bo‘lishni nazarda tutadi. Bu esa ishtirokchilarga asosiy ish joyini saqlagan holda harbiy yig‘inlarda qatnashish imkonini beradi.

Hujjatlarga ko‘ra, mobil guruhlarga qo‘shilishni istagan xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, maxsus tanlov bosqichini muvaffaqiyatli topshirishi hamda ikki oylik tayyorgarlik kursini tugatishi lozim.

Shartnoma ishtirokchilariga asosiy ish haqidan tashqari Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan rezervda bo‘lgani, harbiy yig‘inlarda qatnashgani va rezervda uzoq muddat xizmat qilgani uchun qo‘shimcha to‘lovlar amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, hujjatlarda ish beruvchi tomonidan harbiy yig‘inlarda qatnashish davri uchun oyiga 200 ming rubl miqdorida kompensatsiya to‘lanishi ham nazarda tutilgan.

«Exo» ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki shartnoma uch yil muddatga tuziladi. Keyingi shartnomalar esa uch yil, besh yil yoki rezervchining yoshiga qarab qisqaroq muddatga rasmiylashtirilishi mumkin.

Yosh bo‘yicha cheklovlar ham belgilangan. Jumladan, oddiy askarlar va praporshchiklar uchun eng yuqori yosh 52 yosh, kichik ofitserlar uchun 57 yosh, katta ofitserlar uchun esa 62 yosh etib belgilangan.

Hujjatlarga muvofiq, zaxiradagilar harbiy yig‘inlar davrida muhim infratuzilma va hayotiy ahamiyatga ega obektlarni himoya qilish ishlariga jalb qilinishi mumkin. Biroq ular faqat shartnoma tuzilgan hudud doirasidagina xizmat qiladi.

Nashr, shuningdek, «Gazprom» bilan bog‘liq deb aytilgan «Potok» va «Fakel» nomli xususiy harbiy tuzilmalar haqidagi avvalgi xabarlarni ham eslatgan.

2023 yil fevralida Ukraina razvedkasi «Gazprom» o‘z xususiy harbiy kompaniyasini tashkil etganini iddao qilgan edi. Bu xulosa Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin kompaniyaga xususiy qo‘riqlash tashkilotini tuzishga ruxsat berganidan so‘ng bildirilgan.

Britaniyaning Financial Times nashri esa kompaniyada urushda ishtirok etish uchun ko‘ngillilarni jalb qilish 2022 yil avgust oyidayoq boshlanganini yozgan. Nashrda «Potok» va «Fakel» guruhlari tilga olingan bo‘lib, ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, ular amalda Rossiya Mudofaa vazirligi tizimiga bo‘ysunadi.

2023 yil aprelida o‘sha paytda «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga rahbarlik qilgan Yevgeniy Prigojin ham «Gazprom» huzurida tashkil etilgan ushbu tuzilmalar urushda ishtirok etayotganini aytgan va ularning tayyorgarligi hamda ta’minoti yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirgan.

Shuningdek, ayrim ommaviy axborot vositalari va ochiq manbalarda e’lon qilingan ma’lumotlar «Potok» va «Fakel» guruhlarining «Gazprom» bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bilvosita tasdiqlashi qayd etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid