Sport | 16:40
1768
5 daqiqa o‘qiladi

Neymar Braziliya milliy jamoasi bilan xayrlashdi

Unga baribir jahon chempioni bo‘lish nasib qilmadi.

Foto: Bahho Kara / IMAGO / Scanpix / LETA

Braziliya milliy jamoasining jahon chempionatidagi yo‘li 1/8 finalda Norvegiyadan uchralgan mag‘lubiyat (1:2) bilan yakunlandi. O‘yindan keyin 34 yoshli Neymar skandinavlarga qarshi kechgan o‘yin uning milliy jamoa safidagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qolishini ma’lum qildi.

So‘nggi gol va ko‘z yoshlar

Norvegiya bilan o‘yinda Neymar 67-daqiqada zaxiradan maydonga tushirildi. Ko‘p o‘tmay uning jamoasi Erling Holanddan ketma-ket gollar o‘tkazib yubordi, ammo o‘yinga so‘nggi nuqtani qo‘shimcha daqiqalarda penaltini aniq ijro etgan braziliyalik hujumchi qo‘ydi. Karlo Anchelotti shogirdlarida hisobni tenglashtirish uchun vaqt qolmagandi va pentakampeonlar 1990 yildan buyon ilk bor jahon chempionatida chorakfinalga ham yetib bora olmadi.

O‘yin yakunlangani haqidagi hushtak chalinganidan keyin Neymar gazonga o‘tirdi va yig‘lab yubordi. Uning oldiga Rafinya yetib keldi va yupata boshladi.

U nega bu qadar qattiq xafa bo‘lgani sababi tezda ma’lum bo‘ldi. Jurnalistlar bilan muloqotda u Braziliya milliy jamoasi safidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.

«Men qayta va qayta harakat qildim. Ammo endi barchasi tugadi. Men shu yerda boshlagandim, shu yerda yakunlayman», – deya uning so‘zlarini keltirgan Globo.

Yirik sovrinlarsiz

Neymarning milliy jamoadagi karerasi 2010 yil JAR maydonlarida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida boshlanishi mumkin edi: o‘shanda Pele ham o‘sha vaqtda milliy jamoa bosh murabbiyi bo‘lgan Dungadan 18 yoshli ushbu futbolchini asosiy jamoaga chaqirishni talab qilgan, ammo futbolchi yakuniy qaydnomadan o‘rin olmagandi. Murabbiy buni futbolchi hali juda yoshligi bilan izohlagandi.

U faqat o‘sha yil avgustida AQShga qarshi o‘yinda (2:0) milliy jamoa safida debyut qiladi va darhol o‘z gollari hisobini ochadi. Braziliyadagi jahon chempionatiga esa u superyulduz maqomida yetib keladi. Qolaversa, 2013 yil Neymar Braziliya bilan Konfederatsiyalar kubogini qo‘lga kiritadi.

Ammo uydagi mundial pentakampeonlar uchun yarimfinalda Germaniyadan uchralgan dahshatli mag‘lubiyat (1:7) bilan yakunlanadi. Neymar o‘sha o‘yinni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandi. Chorakfinalda Kolumbiyaga qarshi kechgan o‘yinda (2:1) Xuan Suniga bilan to‘qnashuvdan keyin Neymarga bel umurtqasi sinishi tashxisi qo‘yilgandi

2018 yilda ham, 2022 yilda ham Braziliya jahon chempionatidagi ishtirokini chorakfinalda to‘xtatadi. Rossiyadagi mundialda brazillar Belgiyaga (2:1), Qatarda – Xorvatiyaga (1:1, penaltilar seriyasida 2:4) yutqazgan.

Barcha 2026 yilgi turnir Neymar uchun jahon futbolidagi asosiy kubokni bosh uzra ko‘tarish uchun so‘nggi imkon bo‘lishini tushunib turardi. Futbolchi ushbu turnirga tayyor bo‘lish uchun «Santos»ning safar o‘yinlariga borishni ham to‘xtatdi. Ammo baribir chempionat arafasida jarohat oldi. Shunga qaramay, Karlo Anchelotti uni yakuniy tarkibga kiritdi, lekin futbolchi jarohatidan to‘liq tiklanmagani tufayli guruh bosqichida Marokash (1:1) va Haiti (3:0)ga qarshi kechgan o‘yinlarga tusha olmadi, so‘nggi turda Shotlandiyaga (3:0) qarshi o‘yinda esa zaxiradan tushib, atigi 14 daqiqa o‘ynadi.

Lekin Norvegiya bilan o‘yin oxirida o‘z nomiga gol yozib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Neymar uchun milliy jamoa libosidagi 130 o‘yinda urilgan 80-golga aylandi. U jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar reytingida Pele (77) va Ronaldo (62) kabi afsonalarni ortda qoldirgan holda yetakchi bo‘lib olgan. Faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar orasida esa unga eng yaqin natija Vinisius Junior va Lukas Paketada (ikkisida ham 13 tadan gol).

Neymar asosiy sovrinlarni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, unda baribir milliy jamoa bilan qo‘lga kiritilgan titullar bor: Konfederatsiyalar kubogidan tashqari, Neymar Olimpiada oltin medali (2016)ga ega. Ammo Amerika kubogida ham g‘olib chiqolmagan, bu turnirdagi eng yaxshi natija 2021 yilgi kumush medal bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid