Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada saylov masalasi zimdan muhokama qilinmoqda. Zelenskiy yaqqol favorit emas
“Ukrainskaya pravda”ning yozishicha, Zelenskiy Zalujniy bilan uchrashuvda: “Agar kuzda saylov bo‘lsa, nomzodingni qo‘yasanmi?” degan savoliga “ha” degan javobni olgan. Ayrim so‘rovlar sobiq bosh qo‘mondonga nisbatan ishonch darajasi 70 foizdan oshiqligini ko‘rsatmoqda. Mavzu Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida muhokama markazida bo‘ldi.
Kamoliddin Rabbimov: Hozir Ukraina prezidenti favqulodda holat sharoitida davlatni boshqarmoqda. Navbatdagi prezidentlik saylovi 2024 yil may oyida o‘tkazilishi kerak edi. Ammo Ukraina qonunchiligi urush davrida saylov o‘tkazishni taqiqlaydi.
Bugungi kunda Ukraina rahbariyati saylov o‘tkazish masalasini muhokama qilmoqda. Siyosiy nuqtayi nazardan qaraganda, amaldagi prezident Volodimir Zelenskiy urush davrida mamlakat mustaqilligini himoya qilgan yetakchi sifatida tarixda ijobiy nom qoldirishni istaydi. Shu bilan birga, u saylovlarda mag‘lub bo‘lmagan lider sifatida qolishni ham ko‘zlaydi. Konstitutsiyaga ko‘ra, u ikkinchi bor prezidentlikka nomzodini qo‘yishga haqli.
Turli manbalarga, jumladan G‘arb va boshqa xalqaro matbuotdagi xabarlarga ko‘ra, Ukraina hukumati joriy yil kuzida prezidentlik saylovlarini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Buning asosiy maqsadi – davlat hokimiyatining legitimligini xalqaro maydonda yanada mustahkamlashdir. Shu orqali Rossiyaning “Ukraina hokimiyati nolegitim” degan asosiy siyosiy da’volaridan biri zaiflashtiriladi.
Urush davom etayotganiga qaramay, Ukrainada ijtimoiy so‘rovlar muntazam o‘tkazilmoqda. Ushbu so‘rovlarga ko‘ra, hozirgi paytda Zelenskiyning reytingi nisbatan yuqori – taxminan 38 foiz atrofida. Biroq bu ko‘rsatkich birinchi turdayoq g‘alaba qozonish uchun yetarli emas, chunki buning uchun 50 foizdan ortiq ovoz talab etiladi. Demak, saylovlar ikkinchi bosqichga o‘tishi ehtimoli katta.
So‘rovlar natijalariga ko‘ra, Valeriy Zalujniy – ikkinchi turga chiqishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzodlardan biri. Ayni paytda u diplomatik lavozimda faoliyat yuritib, prezidentga bo‘ysunadi va Ukraina manfaatlarini xalqaro maydonda ifodalaydi. Ammo saylov kampaniyasi boshlanishi bilan siyosiy “o‘yin qoidalari” o‘zgaradi: Zalujniy mustaqil nomzod sifatida chiqib, amaldagi hokimiyatni tanqid qilishi mumkin.
Hozirda Zalujniy jamiyatda asosan harbiy qahramon sifatida qabul qilinadi. Ammo u siyosiy maydonga faol kirib, hukumatning xatolarini ochiq tanqid qila boshlasa, jamoatchilik fikri sezilarli darajada o‘zgarishi ehtimoli bor. Shu sababli Zelenskiy uchun saylov o‘tkazish masalasi nafaqat huquqiy, balki strategik va siyosiy jihatdan ham murakkab qaror bo‘lib qolmoqda.
Farhod Karimov: Saylov o‘tkazish uchun, avvalo, harbiy holat bekor qilinishi kerak. Zalujniy nomzodi masalasiga kelsak, bu mavzu ayniqsa Yevropa Ittifoqi doiralarida tez-tez muhokama qilinmoqda. U yerda urushni tezroq yakunlash va saylov o‘tkazish zarurligi haqida fikrlar bildirilmoqda. Shunga qaramay, agar Valeriy Zalujniy prezidentlik saylovlarida qatnashib, g‘alaba qozonsa ham, Ukrainaning umumiy siyosiy yo‘nalishi va asosiy strategik tamoyillari keskin o‘zgarib ketishi ehtimoli past.
Agar Zalujniy hokimiyatga kelsa, ehtimoliy o‘zgarishlar asosan siyosiy elita tarkibida kuzatilishi mumkin. Ya’ni hukumatda harbiylar ulushi ortishi ehtimoldan xoli emas, chunki Zalujniy faoliyati davomida asosan harbiy muhitda ishlagan.
Umuman olganda, ehtimoliy kadrlar almashinuvi bo‘lishi mumkin, biroq davlatning asosiy strategik yo‘nalishi o‘zgarmaydi. Ukrainada suverenitet, hududiy yaxlitlik va Rossiyaga nisbatan siyosiy pozitsiya saqlanib qoladi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va NATO bilan integratsiya kursi davom etadi.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.