O‘zbekiston | 19:45
1971
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Belarusga boradi

Shavkat Mirziyoyev 8–9 iyul kunlari rasmiy tashrif bilan Belarusda bo‘ladi. Oliy darajadagi muzokaralar, shuningdek, ishbilarmon doiralari ishtirokida uchinchi Hududlararo forum ham bo‘lib o‘tishi reja qilingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 8–9 iyul kunlari rasmiy tashrif bilan Belarusda bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Minsk shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unda O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiyani rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Sammit yakunida ustuvor yo‘nalishlarga doir ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.

Tashrif arafasida Minsk shahrida ikki mamlakat hududlari delegatsiyalari va ishbilarmon doiralari ishtirokida uchinchi Hududlararo forum ham bo‘lib o‘tadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid