Jahon | 09:14
1087
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Ukrainada tinchlik ko‘pchilik o‘ylagandan ham yaqin

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaning Ukraina shaharlariga navbatdagi hujumlari davom etayotganiga qaramay, Ukrainadagi urushni tugatish imkoniyati yuqori ekanini bildirdi. Ayni paytda, Financial Times nashri manbalari Rossiya 2027 yilgacha mazmunli tinchlik muzokaralariga kirishmasligi mumkinligini ma’lum qildi.

Foto: AP

Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot qilgan Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqinda o‘tkazgan telefon suhbati unda optimizm uyg‘otganini aytdi.

«Prezident Putin bu urush tugashini istaydi. Men buni aniq ayta olaman. Moskva va Kiyev o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi ko‘pchilik o‘ylagandan ham yaqin», — dedi Tramp.

Uning ta’kidlashicha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham urushga barham berish tarafdori. Shu bois AQSh ma’muriyati jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirmoqda.

Tramp Ukrainadagi vaziyatni yaqin kunlarda o‘tkaziladigan NATO sammitida muhokama qilishini ma’lum qildi. Reuters agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, AQSh prezidenti sammit doirasida Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishni, shundan keyin esa Vladimir Putin bilan yana telefon orqali muloqot qilishni rejalashtirgan.

Biroq Financial Times nashrining Moskvadagi manbalari vaziyatga nisbatan boshqacha bahoni keltirmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya 2027 yil fevral oyigacha Ukraina bo‘yicha mazmunli tinchlik muzokaralarida ishtirok etish niyatida emas.

Manbalarning ta’kidlashicha, bunday muddat Rossiya rahbariyatining 2026 yil oxiriga qadar Donetsk viloyatining qolgan qismini to‘liq nazoratga olish rejalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Financial Times suhbatlashgan ukrainalik yuqori lavozimli amaldorlar Rossiya tomoni avvalgi muzokaralarda AQSh vositachilari orqali Ukrainadan keng ko‘lamli hududiy va siyosiy yon berishlarni talab qilganini aytgan.

Nashr manbalariga ko‘ra, Kreml hozir ham Kiyevdan jiddiy imtiyozlar kutayotgan bo‘lib, Rossiyaning muzokaralardagi hozirgi pozitsiyasi tomonlar o‘rtasida yaqin vaqtda kelishuvga erishish uchun yetarli asos yo‘qligini ko‘rsatmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid