Jahon | 10:35
832
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya mudofaa uchun rekord mablag‘ ajratadi

Germaniya 2026 yil uchun NATOga mudofaa xarajatlari 124,7 milliard yevroga yetishini ma’lum qildi. Bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, NATO davlatlari orasida AQShdan keyin ikkinchi eng katta mudofaa budjeti hisoblanadi.

Foto: REUTERS

NATO Anqarada o‘tayotgan sammit arafasida a’zo davlatlarning mudofaa xarajatlari bo‘yicha yangilangan hisobotini e’lon qildi. Unda Germaniya 2026 yilda mudofaa sohasiga 124,7 milliard yevro ajratishini ma’lum qilgan.

Bu o‘tgan yilga nisbatan 25,5 foizga ko‘pdir. Taqqoslash uchun, 2025 yilda Germaniyaning mudofaa xarajatlari 99,3 milliard yevroni tashkil etgan. Shunday qilib, bir yil ichida xarajatlar 25,4 milliard yevroga oshgan bo‘lib, bu mamlakat tarixidagi eng yirik o‘sish sifatida baholanmoqda.

NATO hisob-kitoblariga ko‘ra, Germaniyaning mudofaa xarajatlari yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning 2,69 foiziga teng bo‘ladi. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 2,22 foizni tashkil etgan.

DPA agentligi ta’kidlashicha, NATO bosh kotibi Mark Ryutte va Yevropa davlatlari ushbu raqamlar AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropa davlatlari mudofaa xarajatlari bo‘yicha tanqidlarini yumshatishiga umid qilmoqda.

Avvalroq Tramp Yevropa davlatlari, xususan Germaniyaning mudofaaga sarflayotgan mablag‘larini «kulgili darajada past» deb baholagan edi. Biroq Germaniya kansleri Fridrix Mers hamda NATO rahbari Mark Ryutte bu fikrga qo‘shilmaydi.

Ryuttening ta’kidlashicha, faqat o‘tgan yilning o‘zidayoq Yevropa davlatlari va Kanada mudofaa xarajatlarini qariyb 20 foizga oshirib, qo‘shimcha 139 milliard dollar sarflagan. 2025–2026 yillarni birgalikda hisoblaganda esa o‘sish 258 milliard dollarga yetadi.

Shu bilan birga, Financial Times nashrining yozishicha, Germaniya 2030 yilga qadar mudofaa sohasini moliyalashtirish uchun 800 milliard yevrodan ortiq mablag‘ni qarz hisobidan jalb qilishni rejalashtirmoqda. Faqat 2027 yilning o‘zida mamlakat 200 milliard yevrodan ziyod davlat obligatsiyalarini chiqarishi kutilmoqda.

Bu mablag‘lar asosan mudofaa budjetiga yo‘naltiriladi. Rejaga ko‘ra, Germaniyaning mudofaa xarajatlari 2030 yilga kelib 183,6 milliard yevroga yetadi va mamlakat davlat budjeti xarajatlarining qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi.

Shunga qaramay, NATO davlatlari umumiy mudofaa xarajatlari bo‘yicha hali ham AQShdan ancha ortda qolmoqda. 2026 yilda AQSh mudofaa sohasiga taxminan 850,2 milliard dollar (qariyb 745 milliard yevro) sarflashi kutilmoqda. Bu NATOning boshqa barcha davlatlari umumiy xarajatlaridan sezilarli darajada yuqori hisoblanadi.

Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilda NATOga a’zo 32 davlatdan beshtasi — Gretsiya, Polsha, Latviya, Litva va Estoniya mudofaaga YaIMning kamida 5 foizini ajratish maqsadiga erishadi.

NATO davlatlari o‘tgan yili Haaga sammitida 2035 yilga qadar mudofaa xarajatlarini YaIMning kamida 3,5 foiziga yetkazish hamda yana 1,5 foizni mudofaa bilan bog‘liq infratuzilma va boshqa ehtiyojlarga yo‘naltirish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.

Ayni vaqtda Belgiya, Ispaniya va Chexiya 2026 yilda ham mudofaa xarajatlarini YaIMning 2 foizi atrofida saqlab qolishi kutilmoqda. Sloveniya esa ushbu ko‘rsatkichdan ham past darajaga tushishi prognoz qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid