Jamiyat | 17:29
705
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qotar qurollarni o‘z ixtiyori bilan topshirganlar mukofotlanadi

Hukumat qarori bilan “Ro‘yxatga olinmagan qurolni va uning o‘q-dorilarini, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi materiallarni va portlatish qurilmalarini ichki ishlar organlariga o‘z ixtiyori bilan topshirish hamda qurolni va uning o‘q-dorilarini topshirganlik uchun taqdirlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Nizomga ko‘ra, jismoniy shaxs yoki yuridik shaxsning rahbari:

  • ro‘yxatga olinmagan qurol va uning o‘q-dorilarini, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi materiallarni va portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan topshirish to‘g‘risida qarorga kelsa;

  • uning o‘zi ushbu ashyolarni topshirish haqida ichki ishlar organlariga yozma yoki og‘zaki ravishda murojaat qilsa, mazkur shaxs ashyolarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan hisoblanadi.

Ariza beruvchi o‘zining yashash (turar) joyi bo‘yicha ichki ishlar organiga murojaat qiladi.

Ariza beruvchi tomonidan topshirilayotgan qurol qismlarga bo‘laklangan, patronlari olingan, shuningdek, qurol va uning o‘q-dorilari, o‘qotar qurolning asosiy qismlari begona shaxslarning ko‘rish imkoniyatini istisno etadigan o‘ramga joylashtirilgan bo‘lishi lozim.

Mintaqaviy texnik komissiya tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

  • pul mukofoti bilan taqdirlash yoki taqdirlashni rad etish;

  • o‘qotar qurolni va uning o‘q-dorilarini imtiyozli olish huquqini berish yoki berishni rad etish.

O‘z ixtiyori bilan topshirilgan qurol va uning o‘q-dorilari uchun pul mukofoti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshlig‘ining buyrug‘i asosida beriladi.

Eslatib o‘tamiz, qonunchilikka ko‘ra, o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni ixtiyoriy ravishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod etiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid