Jahon | 21:27 / 08.07.2026
1867
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ukrainaning Rossiya ichkarisiga bergan zarbalarini qo‘llab-quvvatladi

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaning Rossiya ichkarisiga zarbalarini qo‘llab-quvvatladi va bu «urushni tugatishga yordam beradigan eskalatsiya» ekanini aytdi.

Foto: Reuters

Turkiyada bo‘lib o‘tayotgan NATO sammiti doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp 8 iyul kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi.

Oq uy rahbari uchrashuv chog‘ida Ukrainaning Rossiya hududlariga uzoq masofali zarbalari urushning tezroq tugashiga xizmat qilishi mumkinligini aytdi.

Tramp Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari va mudofaa obektlariga uyushtirgan hujumlariga shunday izoh berdi: «Bu - eskalatsiya… lekin bu [urushni] tugatishga yordam berishi mumkin bo‘lgan eskalatsiya», dedi Amerika yetakchisi.

Tramp va Zelenskiy uchrashuvining asosiy natijalari

  • Ukrainada Patriot tizimini ishlab chiqarish: Tramp AQSh Ukrainaga Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini mustaqil ishlab chiqarish uchun litsenziya va texnologiyalar berishini e’lon qildi. «Biz ularga Patriot ishlab chiqarish huquqini beramiz. Biz buni qanday qilishni ko‘rsatamiz», dedi u.

  • Zelenskiyga baho: AQSh prezidenti Ukraina rahbarining harakatlarini yuqori baholab, uning urush sharoitida «ajoyib ish qilgani» va «juda samarali bo‘lganini» ta’kidladi.

  • Tinchlik istiqbollari: Tomonlar mojaroni hal qilish yo‘llarini muhokama qildi. Tramp Vladimir Putin bilan keyingi aloqalarga ishora qildi.

Uchrashuv Trampning NATO bo‘yicha yevropalik ittifoqchilarini keskin tanqid qilishi fonida nisbatan konstruktiv tarzda o‘tdi. Amerika prezidenti ittifoqchilarning mudofaa xarajatlari darajasidan noroziligini bildirdi, Ispaniyani «bo‘lmag‘ur hamkor» deb atadi va Eron bilan inqiroz tufayli alyansdagi vaziyatdan «juda xafa» ekanini aytdi.

Anqaradagi NATO sammiti 7-8 iyul kunlari bo‘lib o‘tdi. Asosiy mavzular - harbiy budjetlarni oshirish, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va global xavfsizlik. Rossiyaning Ukraina shaharlariga zarbalari va Ukrainaning javob hujumlari fonida Tramp muzokaralar stoliga qaytish uchun Moskvaga bosim o‘tkazish zarurligiga e’tiborni kuchaytirdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Trampning «foydali eskalatsiya» haqidagi bayonoti Rossiya hududida G‘arb qurollaridan foydalanish bo‘yicha cheklovlarni yanada yumshatishga yo‘l ochishi mumkin.

Сардор Юсупов
Muallif Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid