Jahon | 20:35
1932
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh–Eron eskalatsiyasi sulh tugaganini anglatadimi?

Seshanba-chorshanba kunlari Amerika va Eron yana bir-biriga qarata zarbalar yomg‘irini yog‘dirdi. Bu esa o‘tgan oyda ikki davlat prezidentlari imzolagan memorandumning taqdirini so‘roq ostida qoldirgandek. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida shu haqda so‘z yuritarkan, zamonaviy dunyoda urush diplomatiyasining tabiati o‘zgargani, savdolashuv tobora gibrid shakl olayotganini aytadi.

7-8 iyul kunlari AQSh va Eron yana o‘zaro yuzlab zarbalar almashishdi. Avvaliga AQSh tarafi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi uchta tanker Eron hujumiga uchraganini iddao qilib, Eron janubidagi infratuzilma obektlari bo‘ylab 80-90 ta nishonga hujum qildi (ular orasida O‘zbekiston uchun muhim logistika nuqtasi bo‘lmish Chobahor porti ham bor). Bunga javoban Eron AQShning Bahrayn, Kuvayt va Qatardagi harbiy obektlari bo‘ylab 85 ta nishonga zarba berdi.

Ushbu o‘zaro zarbalar almashinuvi fonida, NATO sammitida ishtirok etish uchun Anqaraga kelgan Tramp: “Biz uchun Eron bilan kelishuv tugadi, agar yana zarbalar bo‘lsa, keyingi safar yanada kuchliroq, juda kuchli zarbalar beramiz” dedi.

Eron parlamenti spikeri G‘olibof esa: “Eron uchun qo‘rquv davri o‘tib bo‘ldi, Eron orqaga chekinmaydi” degan ma’noda bayonot berdi. Ikki tarafning yuqori darajali siyosatchilari chiqishlariga, ritorikalariga e’tibor bersak, eskalatsiya yuz berayotgandek fikr o‘yg‘onadi, tomonlar kelishuvdan voz kechib, urushga tayyordek ko‘rinadi. Aslida ham shundaymi?

Donald Tramp keyingi oylarda o‘nlab marta “Biz Eron bilan kelishuvga juda yaqinmiz” deya bayonotlar berdi. Va nihoyat, iyun oyida AQSh va Eron, avvalambor Pokiston, qolaversa boshqa davlatlar vositachiligida “Tinchlik memorandumi”ni imzolashdi. Endi esa, bamisoli, AQSh bu tinchlik kelishuvidan manfaatdor emasdek o‘zini ko‘rsatmoqda. Eron ham basma-bas zarbalar va bayonotlarni bermoqda. Nima o‘zgardi?

20-asrda, ayniqsa Sovuq urush davrida zarbalar, o‘q otishlar – diplomatiyaning, muzokaralar va kelishuvlarning o‘lganini anglatar edi. Hozirgi post-modern dunyoda, o‘q otishlar, keskin zarba berishlar diplomatiya va muzokaralarning muhim komponenti bo‘lib ulgurdi.

Tramp – Nyu-Yorkdagi ko‘chmas mulk savdolarida shakllangan odam. U uchun “kelishuvni buzish” – muzokaralarning muhim qismi hisoblanadi, bu yo‘l bilan u o‘z narxini oshiradi va qarshi tarafning narxini tushiradi. Bu fikrlashni u siyosatda standartlashtirdi. Shuning uchun bugungi kunda zarbalar, urushlar, o‘q otishlar – diplomatiyaning muqobili emas, diplomatiyaning o‘lishi emas. Aksincha, diplomatiya va muzokaralarning tarkibiy qismi, savdolashuv usuli, “agar shartlarimga ko‘nmasangiz, natijasi sizga yanada qimmatroqqa tushadi” deyish vositasi hisoblanadi.

Nega har ikkala taraf bu kelishuvning saqlanib qolishidan manfaatdor? AQSh uchun, bu kelishuvdan chiqishning real muqobili – yo Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi, yo katta urush orqali Eronni yiqitish hisoblanadi. Ikkala variant ham AQSh uchun yoki nomaqbul, yoki imkonsiz. Eron uchun ham katta urush kerak emas, chunki mamlakatning ichki ijtimoiy-siyosiy vaziyatida baribir ma’lum zo‘riqish nuqtalari bor. Eron hokimiyati oxiri nima bilan tugashi noma’lum bo‘lgan siyosiy eksperiment qilishni istamaydi, o‘zini saqlash instinkti kuchli.

Katta urush qachon bo‘ladi? Qachonki tomonlardan biri vaziyatni to‘liq nazorat qilishiga ishonsa, to‘liq g‘alaba ssenariysi mavjud bo‘lsa. Bugun na AQShda, va na Eronda bunday strategik ustunlik, ishonch, resurslar mavjud emas. Shuning uchun tomonlar o‘zaro zarbalar orqali, savdolashishda davom etmoqda.

Iyun oyida imzolangan “Tinchlik memorandumi” – vaqtinchalik kontrakt. Bu kontrakt keyingi oylar davomida aniq detallashtirilishi, mustahkam kelishuv va tinchlik uchun asos bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham tomonlar o‘zaro zarbalar orqali ikki maqsadni ko‘zlashmoqda.

Birinchidan, qarshi tarafga proporsional javob qaytarish va boshqalar tomonidan “zaiflikda” ayblashlariga imkon bermaslik. Chunki agar proporsional yoki ramziy biroz kuchliroq javob berilmasa, “zaiflikda”, “qo‘rqib qolganlikda” ayblanishning oqibatlari yomon bo‘lishini biladi.

Ikkinchidan, zarbalar orqali o‘z pozitsiyasini ushlab turish va kelajakda imzolanishi nazarda tutiladigan asosiy kelishuvlarda o‘z mavqeyi, pozitsiyasini himoya qilish nazarda tutiladi.

AQSh-Eron urushi – gibrid urush, unda muzokaralar, kelishuvlar va o‘zaro jiddiy zarbalar – bir-birini inkor qiluvchi qadamlar emas, aksincha, bir-birini to‘ldiruvchi amallar sifatida qabul qilinadi. Xullas, yangi davr! Yangicha urush va diplomatiya qoidalari…

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid