O‘zbekiston | 08:31
2029
2 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda xalqaro narkotik tranzitiga chek qo‘yildi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Tailanddan Qozog‘istonga olib o‘tilishi rejalashtirilgan taxminan 11 kilogramm gashish moyi musodara qilindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarining ikkinchi bosqichi doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari hamkorligida poytaxtning Chilonzor tumanida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Tezkor tadbir davomida 2004 yilda tug‘ilgan Qozog‘iston fuqarosining sport sumkasi belgilangan tartibda tekshirilganda, uning ichida shirinliklar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari niqobi ostida yashirilgan, taxminan 11 kilogramm gashish moyi borligi aniqlandi. Narkotik modda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur narkotik vositasi Tailanddan olib kelingan bo‘lib, uni Qozog‘istonga yetkazib berish rejalashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolardan giyohvandlik vositalari muomalasi bilan bog‘liq yoki boshqa qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, DXXning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishni so‘radi. Murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid