O‘zbekiston | 16:49
1203
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Belarus munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi

Shavkat Mirziyoyev Lukashenko bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishlarini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston rahbari so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.

Ushbu tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy doiralar uchrashuvlari, O‘zbekiston madaniyati kunlari hamda boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

O‘zaro savdo hajmi barqaror sur’atda o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi besh yilda bu ko‘rsatkich qariyb 3 barobar oshib, o‘tgan yil yakuniga ko‘ra salkam 1 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning ortda qolgan davrida uning hajmi yana 30 foizga oshdi. 360 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Yetakchilar kuni kecha o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq harakatlar kelishib olingani hamda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat, mebelsozlik va sanoatning boshqa tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalaridan iborat chora-tadbirlar rejasi qabul qilinganini olqishladi.

O‘zbekiston tinch atomdan foydalanish va shu sohada infratuzilmani barpo etish borasidagi tajribani almashishdan manfaatdor ekani bildirildi.

8 iyul kuni Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan uchinchi O‘zbekiston-Belarus hududlararo forumining samarali natijalari alohida e’tirof etildi. Uning yakunida savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining salmoqli to‘plami imzolandi.

Tomonlar xalqaro tuzilmalar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MDH, ShHT va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga qat’iy intilishlarini tasdiqladi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvni izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Mirziyoyev Minsk shahrida O‘zbekiston – Belarus do‘stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi.

Joriy yil oxiriga qadar qo‘shma turizm, tibbiyot va ta’lim forumlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Yig‘ilish davomida qo‘shma Hukumatlararo komissiya hamraislarining hisobotlari hamda muzokaralar kun tartibi yuzasidan aniq takliflari ham tinglandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoga rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishni taklif etdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.

Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi. Jumladan:

– 2026-2030 yillarda savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

– O‘zbekiston TIV va Belarus TIV o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan maslahatlashuvlar dasturi;

– 2005 yil 19 yanvardagi “Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari to‘g‘risida”gi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;

– Belarus hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida bitim;

– O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasidagi hamkorlik dasturi;

– O‘zbekiston FVV va Belarus FVV o‘rtasida 2027-2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

– O‘zaro sayyohlar oqimni ko‘paytirish va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi;

– 2026-2028 yillarda agrosanoat majmuidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;

– O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi hamda Belarusning “Bellegprom” davlat konserni o‘rtasida yengil sanoat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Belarus Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi o‘rtasida aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;

– O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Belarus Moliya vazirligi o‘rtasida moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi;

– O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Belarus strategik tadqiqotlar instituti o‘rtasida O‘zbekiston – Belarus ekspertlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risida memorandum;

– O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Belarus Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi o‘rtasida agrosanoat sohasida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ahdlashuv memorandumi;

– O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Belarus Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasida ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi.

Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Belarus Fundamental tadqiqotlar jamg‘armasi o‘rtasida ham memorandum imzolandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid