Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Rossiya gaz infratuzilmasiga ham zarbalarni kuchaytirmoqda
«Zangori oqim» gaz quvuri zarbaga uchradi. Rossiya tomoni bunday hujumlarning oldini olish uchun Turkiya Ukrainaga bosim o‘tkazishidan umid qilmoqda.
Ukraina harbiylari dronlar orqali «Zangori oqim» («Goluboy potok») gaz quvuri tarkibidagi «Krasnodarskaya» kompressor stansiyasiga hujum qildi.
«Gazprom» bayonotida hujum 8 iyulga o‘tar kechasi amalga oshirilgani ma’lum qilingan. Kompaniyadagilar fikricha, bu hujumdan maqsad «Rossiya gazining Turkiyaga uzluksiz yetkazib berilishini to‘xtatish» edi, biroq «tezkor choralar» ko‘rilgani tufayli gaz yetkazib berishda uzilishlar yuz bermadi.
Ukraina dronlari fevral oy oxirida ham «Zangori oqim» va «Turk oqimi»ga hujum qilgandi – hozir Rossiya gazi Turkiya va Yevropaga faqat shu quvurlar orqali yetkazib beriladi. Bungacha «Russkaya», «Beregovaya» va «Kazachya» kompressor stansiyalari ham hujumlar nishoniga aylangandi, ammo bu hujumlar jiddiy oqibatlarga olib kelmagandi.
RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov «muhim xalqaro energiya tizimi» obektlariga hujumlarni «juda xavfli» deb atab, Turkiya Ukrainaga ta’sir ko‘rsatishiga umid bildirdi. «Biz turklar va boshqa davlatlar Kiyev rejimini bunday harakatlardan qaytarish uchun o‘z ta’siridan foydalanishiga umid qilamiz», – dedi u.
Turkiyada shu kunlarda NATO sammiti bo‘lib o‘tmoqda, unda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham ishtirok etmoqda. U o‘z chiqishida Ukraina dronlari hujumlari geografiyasi kengayayotgani haqida gapirib, yaqinda Omskdagi neftni qayta ishlash zavodiga (Ukraina chegarasidan 2500 km masofada) berilgan zarbani misol qilib keltirgan. Ukraina prezidenti ta’kidlashicha, bu hujum istisno holat emas, balki Ukrainaning uzoq masofali dronlar dasturini rivojlantirishning bevosita natijasi bo‘lgan.
Ukraina so‘nggi kunlarda Rossiya energetika infratuzilmasiga hujumlarni sezilarli darajada kuchaytirdi. 8 iyul kuni ertalab dronlar Boshqirdistondagi «Cherkass» dispetcherlik stansiyasiga hujum qildi (so‘nggi ikki hafta ichida ikkinchi marta). Ukraina xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, bu stansiya «Transneft-Ural» tizimining asosiy obektlaridan biridir.
Ukraina Pilotsiz tizimlar kuchlari boshlig‘i Robert Brovdi («Madyar») bergan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi uch kun mobaynida dronlar Azov dengizi hududida RF yashirin flotiga mansub bo‘lgan 19 ta tankerga zarba bergan – ular Qrimga yoqilg‘i yetkazishga harakat qilganida hujumga uchragan. Reuters agentligi esa Qora dengizda dronlar Amerikaning Shevron kompaniyasi tankeriga hujum qilgani haqida xabar tarqatdi, bu tankerdan Novorossiyskdagi terminaldan neft tashishda foydalanilgan.
Mavzuga oid
10:10 / 08.07.2026
Kiyev va Xarkiv yana hujum ostida: jabrlanganlar bor
09:44 / 08.07.2026
Anqarada NATO sammiti: Ukraina va Yevropa xavfsizligi kun tartibida
09:55 / 07.07.2026
Ryutte: NATO Ukrainaga yordamni davom ettirishi shart
09:14 / 07.07.2026