Jamiyat | 21:49 / 10.07.2026
1429
3 daqiqa o‘qiladi

Bir kunda 1200 ta g‘isht quyadigan toshloqlik “temir xotin” hikoyasi

Gulbahor Ortiqova Farg‘ona viloyati Toshloq tumani Arabmozor qishlog‘idan. U yoshligidan g‘isht quyib keladi va hozirgacha shu kasb ortidan ro‘zg‘or tebratadi. “Oilada uch qizmiz, to‘ng‘ich farzandman, ota-onamga o‘g‘il farzand o‘rnidaman. Bahordan to kuzgacha g‘isht quyib topgan pulimga qishga zahira sifatida oziq-ovqat g‘amlayman. Bir kunda 1200 ta g‘isht quya olaman”, – deydi u.

Gulbahor Ortiqova 7-sinfda o‘qiyotgan paytidayoq g‘isht quya boshlagan.

“36 yoshdaman. Yoshligimdan beri g‘isht quyaman. 7-sinfda o‘qiyotganim kezlarimdayoq to‘rttalik qolipda otamga yordam berardim. O‘shanda bir kunda 200-300 tagacha g‘isht quyardim. Otam loy qilib berardi. Hozir loyimga qarab bir kunda 1000-1200 ta g‘isht quyaman. 1200 ta g‘isht bo‘lmagunicha dam olmayman.

Tushlikkacha 600-700 ta, tushdan keyin 400-500 ta g‘isht tashlab qo‘yaman. Uyda to‘planib qolsa, xaridorlarga telefon qilaman darrov kelishib yuklashib olib ketishadi. Ayni kunlarda bir dona g‘ishtni 400 so‘mdan sotyapman.

Aslida menga og‘ir yumush bilan shug‘ullanish mumkin emas. Tutqanog‘im bor. Ilojsizlikdan, ota-onam, ro‘zg‘or uchun ishlaymanda. Ota-onam kasalikkka chalingan. Onamning ko‘zi ko‘rmaydi. Ularga o‘zim qarayman-da. Mening boyliklarim ular.

Bahordan sovuq tushgunicha tinimsiz g‘isht quyaman. Oilamiz katta, singlimning turmush o‘rtog‘i vafot etib, bir etak farzandlari bilan ota uyiga qaytib kelgan. Qish uchun to‘plagan pulimga 10 ta yelim idishda yog‘, 10-15 qop un, ko‘mir, kartoshka, piyoz sotib olib g‘amlab qo‘yaman.

Bir kamaz tuproqni 400-500 ming so‘mga sotib olaman. Undan 5000 tagacha g‘isht chiqadi.

Ko‘pchilik qilayotgan ishimni ko‘rib erkak kishi qiladigan ish, og‘ir emasmi deyishadi. Yo‘q, ishimdan faxrlanaman. Chunki shu kasb orqasidan ota-onamni, farzandlarimni boqyapman”, – deydi g‘isht quyuvchi opa. 

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid