Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dilnoza Kattaxonova bosh vazir o‘rinbosarligiga tayinlandi
Zulayho Mahkamova bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimini tark etdi. Uning o‘rnini shu vaqtgacha Yoshlar ishlari agentligi direktori birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Dilnoza Kattaxonova egalladi.
Prezidentning tegishli farmoni bilan Dilnoza Kattaxonova bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.
U shu munosabat bilan Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
O‘z navbatida, 2022 yil martidan buyon Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasiga rahbarlik qilgan Zulayho Mahkamova boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi.
Dilnoza Kattaxonova 1991 yil 2 iyulda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining bakalavriat va magistratura bosqichlarini tamomlagan. Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasiga ega, Harvard universitetining Jon Kennedi nomidagi davlat boshqaruvi maktabining magistrlik dasturi tinglovchisi.
Kattaxonova turli yillarda «Kamolot» yoshlar harakati, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Yoshlar ittifoqida ishlagan, «Kamalak» bolalar tashkilotiga rahbarlik qilgan.
2020 yil iyulida Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari, 2023 yil dekabrida agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi.
U Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, «Do‘stlik» ordeni, «Xalqlar do‘stligi» va «Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi» ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.